Olmaotada “YeI – Markaziy Osiyo” fuqarolik jamiyati 5-forumi boshlandi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” fuqarolik jamiyati 5-forumi bo‘lib o‘tyapti. Tadbirning ochilish marosimida YeI agentliklari, BMT, mintaqaviy hukumatlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining 150 dan ziyod vakili ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo uchun YeI fuqarolik jamiyati jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan uch kunlik yig‘ilish mintaqa kelajagini belgilovchi muhim masalalar, jumladan raqamli transformatsiya, iqlim o‘zgarishi, jamiyatdagi jarayonlarda yoshlar ishtiroki, ayollar huquqi va imkoniyatlari muhokamasiga bag‘ishlangan.

BMT Loyiha xizmatlari bo‘yicha byurosi ko‘magida uyushtirilgan anjuman hamkorlikni mustahkamlash, mintaqada samarali boshqaruv va barqaror rivojlanishni ta’minlaydigan qarorlar qabul qilishda faol ishtirokni rag‘batlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini oshirishga yordam beradi.
Tuzilmaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, mazkur samarali muloqot maydoni ishtirokchilarga YeI tomonidan ishlab chiqilgan Markaziy Osiyo strategiyasi va “Global Gateway” tashabbusi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlarni ilgari surish, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun yaxshigina imkoniyat yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” fuqarolik jamiyati 4-forumi 2023 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA