O‘zbekiston va Qozog‘iston: Senatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yanada rivojlanadi

407

Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti va mustahkam siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida rivojlanayotgani qayd etildi.

Samimiyat va ishonch ruhida o‘tgan yig‘ilishda ikki tomonlama ko‘p qirrali sheriklikka doir, shu jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari o‘rtasidagi parlamentlararo komissiya faoliyati samaradorligini oshirish, xususan, komissiyaning 5-yig‘ilishini o‘tkazish va uning doirasida ikki davlat parlamentlari o‘rtasida yangi “yo‘l xaritasi”ni imzolash taklifi ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida o‘zaro hamkorlik bundan buyon ham hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanib borishiga ishonch bildirildi. Bunda, parlamentlararo muloqotni yanada faol davom ettirish nazarda tutilgan.

Komissiyaning 5-yig‘ilishini joriy yilning ikkinchi yarim yilligida O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA