Qo‘ng‘irotda yopiq suzish havzasi foydalanishga topshirildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida sport inshootlarini barpo etish, shu jumladan, yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeliga qarashli Lokomotiv sport majmuasidagi yopiq turdagi suzish havzasida yirik ta’mirlash ishlari olib borilib, foydalanishga topshirildi. Unda qurilish ishlari uchun 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, salomatlikni mustahkamlash va mazmunli dam olish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Zamonaviy inventarlar bilan ta’minlandi.
Albatta, inshootning foydalanishga topshirilishi yoshlar o‘rtasida sportning suzish turini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri