Mahalliylashtirish dasturi doirasida 3,5 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi

505

Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri bo‘lgan qurilish materiallari sanoatida tub burilish davri bo‘ldi.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, oxirgi besh yilda mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida olib borilgan ijobiy islohotlar natijasida qurilish materiallari sanoati jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.

Olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli mamlakatimizda sohada ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 10 mingtaga, qurilish materiallari turi 100 taga yetkazildi.

2024 yil sarhisobiga ko‘ra, bu davrda 40 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan. Belgilangan reja 105,4 foizga bajarilgan. Sohaning mamlakat sanoatidagi ulushi 4,8 foizni tashkil etgan.

Jumladan, 44 million kvadrat metr qurilish oynasi, 90 million kvadrat metr gipsokarton, 17,8 million tonna sement, 52 million kvadrat metr keramik plitka, 365 ming tonna quruq qurilish aralashmasi, 6 ming tonna gulqog‘oz kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

–O‘tgan yilda sohada jami 2,2 milliard dollarlik investitsiyalar, shundan 1,4 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. –  840 million dollar eksport amalga oshirildi. Shu bilan birga, Tayland, Belgiya, Ispaniya, Fransiya, Xorvatiya, Iroq, Braziliya va boshqa davlatlarning bozorlari o‘zlashtirilishi hisobiga mahsulotlar eksport geografiyasi kengaytirildi. O‘tgan yilning o‘zida qo‘shimcha 10 tadan ortiq yangi mahsulot eksport qilindi. Qurilish materiallari eksportini yanada oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va omborlari ochilmoqda. Xususan, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Tojikiston davlatlarida qurilish materiallari savdosiga ixtisoslashgan O‘zbekiston savdo uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 3,5 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilishi, sohadagi ijobiy o‘zgarishlar va yangi rekordlar mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishida muhim qadam bo‘ldi. Qurilish materiallari sanoatining jadal rivojlanishi va yuqori ishlab chiqarish xajmi, investitsiyalar va eksportning o‘sishi, O‘zbekistonning global bozorlardagi mavqeini mustahkamlamoqda. Shuningdek, yangi bozorlar orqali eksport geografiyasini kengaytirish va xorijiy savdo uylarini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, kelgusida mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA