Assalomu alaykum. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi virtual muxbiri sizlarni o‘tgan haftada sodir bo‘lgan muhim voqea va hodisalar tafsilotlari bilan tanishtiradi.

O‘ninchi dekabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun.

Bir ming to‘qqiz yuz to‘qson ikkinchi yil o‘ninchi dekabr kuni Oliy Kengashning to‘rt yuzdan ziyod deputat yig‘ilgan o‘n birinchi sessiyasida Mutal Burxonov musiqasi va Abdulla Oripov so‘zi muallifligidagi hozirgi madhiyamiz qabul qilingan. Ushbu sana O‘zbekiston bo‘ylab keng nishonlandi.

***

O‘n birinchi dekabr kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratovni egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Senatorlar Prezident taqdimiga binoan Timur Ishmetov nomzodini Markaziy bank raisi lavozimiga tasdiqladi. Timur Ishmetov bunga qadar Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.

***

Yigirma sakkizinchi noyabr kunidan o‘n birinchi dekabr kuniga qadar Tailandda boks bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonlik bokschilar o‘n bitta oltin, oltita kumush va uchta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida medal jamg‘arishda birinchi bo‘ldi.

***

O‘n ikkinchi dekabr kuni Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

***

O‘n ikkinchi dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva “Ko‘ngil Ko‘zi” loyihasi doirasida Toshkent planetariysida ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida bolalar o‘zlarining ijod namunalari bilan o‘rtoqlashdilar, so‘ngra “Dot Pad” texnologiyasi yordamida ular quyosh tizimini “ushlab ko‘rish” imkoniga ega bo‘lishdi.

***

O‘n uchinchi dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘n sakkizta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi oltita loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi. Loyihalarning umumiy qiymati uch milliard yetti yuz million dollarni tashkil etadi. Mazkur loyihalar ishga tushgach to‘rt million xonadonni uzluksiz energiya bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi.

***

O‘zbekistonda ijtimoiy karta joriy qilinadi. Mazkur karta ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga beriladi hamda ular oltmish beshta davlat xizmatidan ortiqcha hujjatlarsiz foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur karta quyidagi imkoniyatlarni beradi: avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga byudjetdan kompensatsiya olish, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi. Bu tizim ikki ming yigirma beshinchi yil birinchi iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi, yil yakunigacha hamma joyda ishga tushiriladi.

***

Bugunga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz shulardan iborat. O‘zbekiston Milliy axborot agentligini kuzatishda davom eting.