Saylov – demokratik jamiyatning asosi hisoblanadi. U har qanday davlatning siyosiy-ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda ham 2024 yil 27 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi bo‘lib o‘tadi. Mazkur saylovlarning demokratik, ochiq, oshkoralik, qonun ustuvorligi tamoyillari asosida o‘tishi ko‘p jihatdan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy vaziyat hamda mukammal saylov huquqi asoslarining mavjudligiga bog‘liq.

Mamlakatimizda esa  davlat hokimiyati organlari va institutlarini saylovlar yo‘li bilan tashkil etish borasida xalqaro normalar va andozalarga to‘la mos keladigan tajriba shakllangan. Shu o‘rinda fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishning muhim kafolati sifatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini e’tirof etish mumkin. Konstitutsiyada belgilab berilgan saylovga oid konstitutsiyaviy tamoyillar asosida Saylov kodeksi qabul qilingan.

Islohotlar, xalqaro tashabbuslar tomon ildam qadam tashlayotgan O‘zbekiston “Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertangi kuni, kelajak avlodlarning hayoti va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy huquqlari mujassam”, degan shiorga qat’iy amal qilmoqda.

Bu Toshkentda o‘tkazilayotgan xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligining “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” nomli sessiyada yana bir bor e’tirof etildi.

Haftalik joriy yilning 26 oktyabr kuniga qadar davom etadi. Unda 350 dan ziyod xorijiy hamkorlar, ya’ni xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, yirik biznes vakillari, ekspertlar ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Tadbirlarda xorijiy va mahalliy ekspertlar, tahlilchilar Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy makon, tashqi va ichki siyosatning ustuvor vazifalari yuzasidan fikr almashadi.

Xorijlik mutaxassislar mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich shaklda implementatsiya qilinayotganini alohida e’tirof etmoqda.

Jumladan, Latviyaning Turiba universiteti professori Raymundas Kolesnikas O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, jumladan, saylovlar va unga tayyorgarlik jarayonini yuqori baholadi.

– O‘zbekiston bugun qiyinchiliklarni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘layotganini ko‘rib turibmiz,  –dedi Raymundas Kolesnikas. – Bu islohotlarning muvaffaqiyati bevosita siyosiy irodaga bog‘liq. Kuzatuvchi mutaxassis sifatida qayd etishim mumkinki, Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlar qilishda juda katta siyosiy iroda ko‘rsatyapti. Mamlakatingizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni xorijlik mutaxassislar, jahon hamjamiyatiga yetkazish juda muhimdir. Bu borada mazkur haftalik kabi xalqaro tadbirlarni ko‘proq o‘tkazish darkor.

Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi davomida “Barkamol va sog‘lom avlod – Yangi O‘zbekiston kelajagining poydevori”, “O‘zbekistonda so‘z erkinligi va OAV, ijtimoiy tarmoqlarning keng rivojlanishi – demokratik qadriyatlarni kengaytirish yo‘lida”, “Ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish, aholi salomatligini kafolatlash, gender tenglikni ta’minlash”, “Erkin fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarni rivojlantirish” kabi  bir qator mavzularda panel munozaralar olib borilmoqda.

Jahon banki katta iqtisodchisi Pinar Yashar fuqarolarni munosib ish bilan ta’minlash va ularning yashash sharoitini yaxshilash O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanishini ta’kidladi. U aniq natijalardan biri sifatida ishsizlik darajasi  yildan yilga kamayayotganiga e’tibor qaratdi.

“Global hamkorlik orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish: inson kapitali va tadbirkorlik imkoniyatini kengaytirishda innovatsiyaning roli” mavzusidagi davra suhbatida Jahon bankining Markaziy Osiyo mintaqasida inson kapitalini rivojlantirish masalalari bo‘yicha global amaliyot rahbari Tazin Fosih O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida kambag‘allikni qisqartirishda eng yaxshi natija ko‘rsatganini e’lon qildi.

– E’tirof etishim kerak, yurtingizda ta’lim islohoti jadal tus olgan, – dedi Tazin Fosih. – Iqtisodiyotni raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmasiga alohida e’tibor berilmoqda. Sessiyada hamkasblarim makroiqtisodiy masalalarga ham jiddiy e’tibor qaratib, iqtisodiyotni o‘zgartirish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu jarayon mamlakat iqtisodiyoti tobora dunyoga ochilib borayotganidan darak beruvchi ulkan qadamlardan biridir.

“Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati va sport sohalarida erishilgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar” deb nomlangan sessiyada esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati samaralari, sport sohasida erishilayotgan natijalar haqida so‘z bordi. Unda 2025 yil Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida III Osiyo va V Paraosiyo o‘yinlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Buning uchun qariyb 100 gektar maydonda Olimpiya shaharchasi barpo etilayotgani qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, haftalik doirasida nafaqat O‘zbekiston uchun, balki dunyo hamjamiyati uchun ham muhim va global mavzuga aylangan yashil taraqqiyot, xavfsiz turizm, oziq-ovqat xavfsizligi, zamonaviy agrotexnologiyalar va kichik biznes sohalarini rivojlantirish, tashqi siyosat: tinchlik, ochiqlik va taraqqiyot yo‘lidagi kelishuvlar bo‘yicha ekspertlar tahlil va takliflari ham muhokama qilinmoqda.

Haftalik davomida xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bitimlar imzolash, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishish kutilmoqda.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA