Hukumatning 2024 yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi 632-son qaroriga SHARH
So‘nggi yillarda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning yangi turlarini paydo bo‘layotganligi hamda ularni inson omilisiz internetning ijtimoiy tarmoqlari orqali aholi, ayniqsa yoshlar orasida oson tarqatilayotganligi mas’ul davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda qonunchilik bazasini takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Mamlakatda alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tibbiyot amaliyotida qo‘llash, saqlash, ularning noqonuniy muomalasini cheklash, jismoniy shaxslar tomonidan ulardan foydalanish hamda ularni yo‘q qilish tartiblarini belgilash zarurati tug‘ildi.
Shu sababli, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi 2024 yil 4 oktyabrdagi 632-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizomda quyidagilar belgilandi. Xususan:
– qonunchilikda alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tushunchasi kiritildi;
– alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni saqlash, berish, sotish, taqsimlash, hisobga olish, yo‘q qilish hamda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, olib chiqish va tranzit o‘tkazish tartibi belgilandi;
– respublikada alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash joriy etildi;
– jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanishlari tartibi kiritildi;
– alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali realizatsiya qilinishi qayd etildi;
-kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlab boruvchi ekspert guruhi tarkibi yangilandi.
Qarorning asosiy jihatlarini savol-javob ko‘rinishida sharhlashga harakat qilindi:
Ushbu qaror nima maqsadda ishlab chiqildi va qachon kuchga kiradi?
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasi ustidan nazoratni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi 632-sonli qarori bilan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Ushbu qaror qabul qilinishi «Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati»ga kiritilgan alohida toifadagi dori vositalari muomalasini, ya’ni ularni olish, jo‘natish, hisobga olish, berish, tashish, saqlash, sotish, taqsimlash, yo‘q qilish kabi faoliyat turlarini tartibga solish, shu bilan birga ularning noqonuniy muomalasini oldini olishga yordam beradi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan.
Ushbu qarorning qabul qilinishi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasida tug‘iladigan savollarni bartaraf etilishiga va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalarni notibbiy maqsadlarda iste’mol qilinishini tartibga solish imkonini beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27-sentyabrdagi 818-son qarori bilan bir qator kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, hozirgi kunda o‘zgartirishlar kiritilishiga nima sabab bo‘lgan?
Ta’kidlash joizki, respublikada dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish, shuningdek, aholining sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlash, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish maqsadida, 2019 yil 6-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingan (06.09.2019 y. kunidagi PQ-4438-son).
Shuningdek, ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatning «O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida»gi 2019 yil 27-sentyabrda 818-son qarori qabul qilinib, u bilan 79 ta kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati tasdiqlangan va unda «Zaleplon», «Pregabalin», «Tropikamid», «Siklopentolat», «Gabapentin» kabi dori vositalariga «*» belgisi qo‘yilib, ular alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar etib belgilangan.
Biroq, huquq tartibot idoralari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish va ularning suiiste’molini oldini olish borasida ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan hanuzgacha respublikada alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq tartiblar joriy etilmagan edi.
Xususan, ularni olib kirish, olib chiqish, tranzit tarzida o‘tkazish, tashish, saqlash, yo‘q qilish tartiblarini joriy qilish zarur edi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomning mohiyati nimadan iborat?
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar atamalari amaldagi me’yoriy huquqiy hujjatlarda keltirilmaganligi bois, shu kungacha ko‘p tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.
Shu sababli, qarorda ularni ajratgan holda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni respublikaga olib kirish yoki olib chiqish, ularni tayinlash va tayinlanganligini qayd etish masalalari yoritilgan. Shu bilan birga, barcha xususiy va davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning ehtiyojini aniqlash va ularning hisobotini olib borish va yo‘q qilish tartibi belgilangan.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar atamasi nimani anglatadi?
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar — notibbiy maqsadda foydalanish yoki dozalarning oshirilishi natijasida inson salomatligi va ruhiyatiga faol ta’sir ko‘rsatuvchi, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatida «*» bilan belgilangan moddalar va/yoki ulardan tayyorlangan dori vositalari.
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning muomalasi bo‘yicha vakolatli organ tayinlanganmi?
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga soluvchi vakolatli organ hisoblanadi.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning ehtiyoji kim tomonidan shakllantiriladi?
Respublikaning barcha xususiy va davlat davolash-profilaktika muassasalarining ehtiyojlarini hududiy sog‘liqni saqlash organlari tomonidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati tizimidagi tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot institutlari har yili tibbiyot maqsadlarida foydalaniladigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga keyingi yilga bo‘lgan ehtiyojni hisoblab chiqadilar hamda o‘z buyurtmanomalarini yig‘ma ehtiyojni shakllantirish uchun hisobot yilining 1 iyuniga qadar vakolatli organga taqdim etadilar.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar dorixonalarda kirim va chiqimlari oddiy dori singari amalga oshiriladimi?
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar miqdoriy-buyum jihatdan hisobga olinadi va hisobi raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan, tashkilot yoki korxona rahbarining muhri va imzosi bilan tasdiqlangan, dorixonalarda alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni hisobga olish kitobida (kitob yuritish shakli nizomga keltirilgan) yuritiladi.
Har bir alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi modda va/yoki ulardan tayyorlangan dori vositalarining dori shakli, dozasi uchun alohida sahifa ochiladi.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va olib chiqish, tranzit tarzida o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinadimi?
Albatta, psixotrop moddalar kabi litsenziyaga ega yuridik shaxslar olib kirish va olib chiqish uchun sertifikat hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidan tranzit tarzida o‘tkazish uchun vakolatli organ tomonidan ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
Davolash profilaktika muassasalarida foydalaniladigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar nazorati qay yo‘sinda olib boriladi?
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar davolash- profilaktika muassasalari dorixonasidan bo‘limlarga (xonalarga) alohida talabnomalar asosida olinadi. Nizomda belgilangan ilovalar asosida hisobga olish kitobi yuritiladi, shuningdek, ularni to‘g‘ri saqlanishiga mas’ul xodim yuridik shaxs rahbari tomonidan tayinlanadi.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar qanday holatlarda yo‘q qilinadi?
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ularning yaroqlilik muddati tugaganda, ulardan foydalanish imkoniyatini istisno etuvchi kimyoviy yoki fizik ta’sirga uchraganda, ularning alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga mansubligini aniqlashning imkoni bo‘lmagan hollarda yo‘q qilinadi.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni har bir davolash profilaktika muassasalari o‘zida yo‘q qila oladimi?
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni yo‘q qilinishi giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni yo‘q qilishga litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyasi bo‘lmagan davolash-profilaktika muassasalari litsenziyasi bor litsenziat bilan shartnoma va dalolatnoma asosida dorilarni o‘tkazadi va belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
Boshqa davlatlarda ham ushbu moddalar nazoratga olinganmi?
Mazkur qaror bilan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga olish sohasida ilg‘or xalqaro va xorijiy tajriba o‘rganildi, xususan, MDH davlatlaridan Rossiya Federatsiyasi, Belarussiya, Ukraina kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni olib kirish, olib chiqish, buyum-miqdor hisobini olib borish, ehtiyojlarini aniqlash, ularni yo‘q qilish bo‘yicha tartiblar o‘rganildi hamda eng maqbullari inobatga olindi.
Nima sababdan sibutramin moddasi alohida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga qo‘shildi?
Hozirgi kunda, sibutramin nomli kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar respublikada avj olmoqda. Xususan, joriy yilning 9 oyi davomida jinoyatchilardan 240365 dona ushbu turdagi dori vositalari musodara qilinib, o‘tgan yilning mazkur davriga solishtirganda 4 barobarga ortganligi kuzatildi.
Shu sababli, Sibutramin nomli kuchli ta’sir qiluvchi moddasining noqonuniy muomalasi va suiiste’molini oldini olish maqsadida, unga «*» belgisi quyilib alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritildi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan yangi qaror qabul qilinishi zarurligi nimaga asoslangan?
Ushbu qaror alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro norma va qoidalarga muvofiqlashtirish, ularni nazorat qilish choralarini kuchaytirishi hamda shu orqali ularning noqonuniy savdoga o‘tib ketishini oldini olish imkonini beradi.
Qaror kimlar uchun tatbiq etiladi?
Qaror, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalardan tibbiy va ilmiy tadqiqot maqsadida foydalanuvchi, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalar muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega yuridik shaxslar, shuningdek, o‘z ehtiyojlari uchun foydalanuvchi jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Qaror kuchga kirgunga qadar alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari qanday realizatsiya qilinadi?
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tibbiyotda qo‘llashga ruxsat etilgan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mazkur qaror kuchga kirgunga qadar ulgurji realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziya rasmiylashtirilmasdan realizatsiya qilishga hamda yo‘q qilish faoliyati uchun litsenziyaga ega yuridik shaxslarga dalolatnoma asosida o‘tkazilishiga va yo‘q qilinishiga ruxsat etiladi.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar qanday dorixonalarda realizatsiya qilinishiga ruxsat etiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Dori vositalarini noqonuniy aylanishini oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida»gi 2019 yil 06-sentyabrdagi 4438-sonli qarorida quyidagi tartib: Xususan, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinishi lozim va ularning chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni realizatsiyasi uchun kim litsenziya beradi?
Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni olib kirish (olib chiqish), tibbiyotda foydalanish va saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish, yo‘q qilish bilan bog‘liq faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatini Litsenziyalovchi organi tomonidan berilgan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
O‘zA