Ayni kunlarda O’zLiDeP partiyasi va uning nomzodlari joylarda saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Saylovoldi targ‘ibot tadbirlarining navbatdagisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Bo‘zatov tumanida tashkil qilindi. Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limida O’zLiDePdan Qonunchilik palatasiga nomzod Baxitbay Aldamuratov  bilan uchrashuv tashkil qilindi.

Deputatlikka nomzod yig‘ilganlarni partiyaning  “Va’da emas, natija, ertaga emas, bugun!”  deb nomlangan ezgu shiorini va 5 ta maqsad va 500 ta vazifani qamrab olgan partiyaning saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishtirdi.

Ta’kidlanganidek, biznes yuritishni yanada soddalashtirib, 1000 ga yaqin byurokratik talabni bekor qilish choralari ko‘riladi. Litsenziyalar sonini ikki baravarga kamaytirib, litsenziya bekor bo‘ladigan 60 ta faoliyat uchun xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Yashirin iqtisodiyot illatiga murosasiz kurash olib boriladi. Partiya ilgari surayotgan yana bir g‘oya tilga olindi: xususiy sektordagi ish beruvchilarning mehnat qonunchiligidagi xodim oldidagi majburiyatlari soddalashtiriladi.

Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘riladi. Davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish va unda kichik biznes ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun izchil takomillashtiriladi.

– Men uchrashuvda O’zLiDeP saylovoldi dasturi nihoyatda hayotga yaqin va inson manfaatiga xizmat qiladigan loyihalardan iborat ekaniga amin bo‘ldim, – deydi – Bo‘zatov tumani “Yerkindaryo” ovul fuqarolar yig‘inidan nuroniy Xudoybergen Tleo‘liyev. – Partiyaning dasturi xalq manfaatini o‘ylab, inson qadrini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar ekani uchun ham uni qo‘llab-quvvatlayman. Masalan, keksalar sog‘ligini tiklash va mazmunli dam olish uchun alohida dastur qabul qilish, “Keksalar salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish orqali 70 yoshdan oshgan keksalarga bepul tibbiy va zarur ijtimoiy xizmatni kuchaytirishni ilgari surmoqda. Shu jihatdan men partiyaning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab, Qonunchilik palatasi va  mahalliy kengashlar deputatligi uchun o‘tkazilayotgan saylovda O’zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz beraman.

Uchrashuvda keksa avlod vakillari, yoshlar, xotin-qizlar va mahalla faollari so‘zga chiqib, O’zLiDePning saylovoldi dasturi inson manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil hujjat ekanini ta’kidlab, saylovda ushbu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishlarini bildirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.