Turli sohalar kabi davlat moliyasini boshqarish yo‘nalishida ham O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami yil sayin kengaymoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova hamda Rossiya Federal g‘aznachiligi rahbari o‘rinbosari Aleksandr Mixaylik boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasidagi uchrashuv fikrimizga yaqqol misol.
Muloqot davomida janob Mixaylik va G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Murodbek Otajanov mavjud 7 yillik samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Darvoqe, 2023 yil O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, vazirlik huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va Rossiya Federatsiyasi Federal G‘aznachiligi o‘rtasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan.
Sheriklikni rivojlantirishga tayyorliklarini bildirgan mehmonlar uchrashuvdan so‘ng qo‘mita faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Marhabo Hojiakbarova, O‘zA