O‘zbekistonda mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy farovonlikka ko‘maklashish bo‘yicha yangi markaz ish boshladi.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmat tizimini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion sa’y-harakatlar markaziga aylanishi kutilayotgan ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kolumbiya universiteti, UNICEF va boshqa tuzilmalarning samarali hamkorligi natijasidir.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash faoliyatini yangi bosqichga ko‘taradigan markaz nafaqat bilim va innovatsiya manbai, balki soha xodimlari uchun eng yaxshi amaliyot va tajriba almashish maskani bo‘ladi.

Markaz shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash orqali tizimni takomillashtirish, xodimlar kasbiy rivojlanishi, samarali dastur va metodikalar yaratishi, foydali tadqiqot o‘tkazishiga yordam berishga xizmat qiladi.

– Oilalar va jamoalar bilan aloqada bo‘lgan ilg‘or ijtimoiy xizmat xodimlari bolalarni himoya qilish jarayonida beqiyos ahamiyatga ega, – deydi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. – Ayni yo‘nalishda xizmat qilayotgan fidoyi, malakali kadrlar sa’y-harakati va resurslarni muvofiqlashtirish adolat va ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim, xavfsizlik va tabiiy ofat xavfini kamaytirish kabi muhim jabhalarda bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish uchun juda zarur. Bunday faoliyat, o‘z navbatida, aholining barcha qatlami uchun ijtimoiy adolatni qaror toptirish, hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Kambag‘allikni kamaytirish, xavfni aniqlash va boshqarish, bola va oila farovonligini oshirish uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanishni ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi. Ijtimoiy xizmat xodimlari ushbu jarayonni osonlashtirish orqali, ayniqsa, bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi. Buning uchun markaz ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmat sohasida ta’lim, tadqiqot va amaliyotni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mustahkam ta’lim infratuzilmasini taklif etadi.

Markaz Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabi (CSSW) akademik rahbarligi va mentorlik yordamiga tayanadi. Mazkur nufuzli muassasaning ijtimoiy ish bo‘yicha yetakchilik mavqeyidan foydalanib, zaif aholi va mahalliy hamjamiyat farovonligini yaxshilaydigan innovatsion, dalillarga, ilg‘or tajribaga asoslangan sa’y-harakat yordamida ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlaydi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA