Yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida borini berib faoliyat olib borayotganlarning mehnati e’tiborsiz qolmaydi.

Eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.

Bugun Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Tadbirdan so‘ng taqdirlanganlarning ba’zilari bilan suhbatlashdik. His-hayajonli damlariga sherik bo‘ldik.

Tursinboy Abdijabbarov, «Nuroniy» jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi.

– Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston haqida gapirganlarida bizning tomirimiz, taqdirimiz bir, deb alohida ta’kidlaydi. Bu shunchaki gap emas, amalda ham o‘z ifodasini topayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Keyingi yillarda barcha tuman va shaharlarimiz yangi qiyofaga kirdi. Zamonaviy loyihalar ishga tushib, odamlar doimiy daromadga ega bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari fevral oyida Amudaryo tumaniga borib, yangi ko‘prikning ochilishida ishtirok etdi.  Yaxshi eslayman, eski ponton ko‘prikdan foydalanish qanchalar noqulay edi. Bahorda muz erib, daryoda suv ko‘paysa muammo bo‘lardi. O‘shanday paytlarda daryoning ikki tomonidagi aholiga qanchalar qiyin bo‘lishini tasavvur qiling. Bu ulkan loyiha bo‘ldi. Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshootga ega bo‘ldik.

Shavkat Mirziyoyev yaqinda Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdilar. Unda elimiz ertasiga daxldor qancha yaxshi tashabbuslar ilgari surildi. Mavjud muammolarning yechimlari ko‘rsatildi. Bundan xalqimizning boshi osmonda.

Davlat rahbarining bu yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti Nukus shahrida etilgani tarixiy voqea bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonga sarmoya kiritib, biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan ustunlik beruvchi jihatlari tushuntirildi. Bu qanchadan-qancha yirik loyihalar ishga tushishini anglatadi. Bu ming-minglab yangi ish o‘rinlari, aholi farovonligi degani.

Prezidentimizning bu zaminni gullab-yashnatish borasida istaklari katta. Buni odamlar his qilib turibdi. Davlat rahbari va xalqning istagi birligi yuksak marralarni zabt etayotganimizning asosi. Muhimi shu.

Shu zaminning bir farzandi, nuroniysi sifatida yoshlarga shu jihatlarni doim gapirib yuraman.

Bugun davlatimiz rahbaridan eksak e’tirof, ordenni olib qalbim g‘ururga to‘lib turibdi. Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida bu menga katta bayram sovg‘asi bo‘ldi.

O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.

Rustam NAZARMATOV olgan surat.