Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi “WAM” xabar berishicha, Sharja Savdo-sanoat palatasi direktorlar kengashi raisi Abdulloh Sulton Al-Uvays va mamlakatimizning BAAdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdulaziz Aqqulov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida sarmoya va savdo missiyalari almashinuvini ko‘paytirish orqali Sharja Amirligi hamda O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida qo‘shma tadbirlar, forumlar o‘tkazish masalasi muhokama қилинди.

Tovar ayirboshlashni kengaytirish, o‘zaro aloqa mexanizmini ishlab chiqish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Respublikamiz delegatsiyasi Sharja shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi Yaqin Sharq soatlari va zargarlik buyumlari namoyishi hamda Pazandachilik ko‘rgazmasiga taklif qildi.

Abdulloh Sulton Al-Uvays iqtisodiy munosabatlar mustahkamligi, o‘zaro savdo ko‘rsatkichi so‘nggi yillarda sezilarli o‘sganini yuqori baholadi. Bu holat aloqalarni yanada rivojlantirishga turtki bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston BAAning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekani, Sharja palatasi esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va sarmoya aloqalarini mustahkamlash, ishbilarmon doiralarga qo‘shimcha imkoniyat yaratishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.

Delegatsiyamiz vakillari mezbon tomonning hayotiy muhim sohalarga sarmoya kiritishni rag‘batlantirishga doimiy intilishini yuqori baholadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA