O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan yurtimizda “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusida VIII xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda.

Unda IRSIKA, AYSESKO, TURKSOY singari xalqaro tashkilotlar, “Al-Furqon” fondi, Xalqaro Turkiy akademiya rahbar va xodimlari, dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.

Mamlakatimiz poytaxtida 23 avgust kuni boshlangan tadbirlar ayni paytda Samarqandda davom etyapti. 24 avgust kuni Samarqanddagi kongress markazda xalqaro forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Tabrikda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etilib, mazkur kongress ham ushbu maqsadga xizmat qilayotgani ta’kidlangan. Bu borada O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar muhim ahamiyat kasb etayotgani e’tirof etilgan.

Xususan, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, nufuzli ilm-ma’rifat maskanlariga yetkazib berildi. Ana shu ishlarning davomi sifatida anjuman kunlarida mazkur turkumdagi yana 10 ta yangi jild taqdimoti o‘tkazilishi ham muhim madaniy hodisadir, deya qayd etilgan tabrikda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov kongress qatnashchilariga tabrik yo‘llagani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishtirokchilar nomidan minnatdorlik bildirdi.

– Mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar qilinyapti, ilm-fan, ta’lim va madaniyat rivojlanmoqda, – dedi F.Abduxoliqov. – Bundan yetti yil muqaddam ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun Prezidentimiz farmoni asosida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil qilingan edi. Bugun bu boradagi ishlar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.

Kongress ochilish marosimida Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi – IRSIKA direktori Mahmud Erol Qilich, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova, Fransiyaning Arab dunyosi instituti direktori Natali Bondil, Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffar Sheker, “Al-Furqon” Islom merosi fondi menejeri Sali Shahsivari va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda boy madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi xalqaro hamkorlikka yuksak baho berdi. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining ushbu yo‘nalishdagi faoliyati e’tirof etildi.

– So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda keng qamrovli yangi islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev. – Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘rtaga tashlagan Yangi O‘zbekiston tushunchasi bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning asosini tashkil etadi. Mazkur g‘oya bo‘yicha ilgari surilayotgan mafkuralar, ilg‘or tashabbuslar bugun O‘zbekistonning yangi ma’naviy qiyofasini dunyoga namoyon etmoqda va ko‘plab davlatlarga ibrat bo‘lmoqda. Sababi O‘zbekiston dunyo tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Amir Temur, Mirzo Bobur singari davlat arboblari, Abu Ali ibn Sino, Al Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiydek jahon ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan ko‘plab allomalar, o‘rta asrlar islom dini poydevorini mustahkamlagan Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy kabi ulug‘larga beshik bo‘lgan, ularni kamolga yetkazgan. Bir necha asrlar o‘tsa-da ularning ilmiy merosi va uning ahamiyati oshib bormoqda.

Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti Muzaffar Sheker keyingi yillarda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etar ekan, ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida olib borilayotgan ishlar o‘zbek xalqi ma’naviy qudratini dunyoga namoyon etishini ta’kidladi.

“Al-Furqon” Islom merosi fondi menejeri Sali Shahsivari esa bugungi kunda dunyodagi ko‘plab yirik kolleksiyalar va mashhur muzeylarda O‘zbekistonning moddiy va nomoddiy merosiga oid noyob durdonalar saqlanayotganini qayd etib, ularni o‘rganishda va bu haqda ma’lumotlar to‘plashda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyatining xizmatlari beqiyosligini e’tirof etdi.

– Qisqa vaqt ichida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar tayyorlanishi oson kechadigan jarayon emas, buning zamirida qancha mehnat, zahmat borligini yaxshi bilamiz – dedi Sali Shahsivari. – Shuning uchun biz WOSCUning bu boradagi ishlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va mazkur tashkilot bilan bundan buyon ham hamkorlik qilishga tayyormiz.

Kongressning ochilish marosimida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi videorolik namoyish etildi.

Xalqaro forum yalpi yig‘ilishida Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi muzeyining loyiha va konsepsiyalari muhokama etildi. Mahalliy va xorijlik mutaxassislarning loyihalari ko‘rib chiqildi.

Kongressning yettita sho‘’ba yig‘ilishlarida ham Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeylarining ekspozitsiyalari bo‘yicha taqdim qilingan loyihalar muhokama qilinmoqda. Shuningdek, tadbir doirasida “Yangi Renessans: Madaniy merosni saqlashda kino va medianing o‘rni” mavzusida TURKSOY xalqaro forumi o‘tkazilmoqda. Unda turkiy tilli mamlakatlarning kino sanoati vakillari ishtirokida “Kino – meros himoyachisi: madaniy loyihalar va tashabbuslar taqdimoti”, “Global media hamkorlik: merosni asrash bo‘yicha madaniyatlararo loyihalar” kabi tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi multimedia bloki uchun tayyorlangan videoroliklar turkumi taqdimoti, “Baqtriya tarixi”, “O‘zbekiston arxeologik marvaridlari”, “Klavixo”, “Xudoybergan Devonov va nemis mennonitlari”, “Muxtor Avezov” loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi.

Xalqaro kongress davomida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati bilan hamkorlik bo‘yicha bir qator xalqaro tashkilotlar, akademiyalar o‘rtasida memorandumlar imzolandi.

Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri