Joriy yilning 23-26 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi.

Shu munosabat bilan bugun poytaxtimizda o‘tkazilgan matbuot anjumani ushbu nufuzli xalqaro kongressning tashkil etilishi va uning mamlakatimiz boy madaniy va ma’naviy merosini targ‘ib qilishdagi ahamiyatiga bag‘ishlandi.

Unda Ўзбекистон madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti, akademik Shohin Mustafayev va boshqalar “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressning an’anaviy tashkil etilishi Yangi O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi taraqqiyot yo‘li, yangi yuksalish davrida erishilayotgan yutuqlar va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Matbuot anjumanida aytilganidek, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan 2024 yil 3-4 iyul kunlari o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” forumida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish,  saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VIII kongressini o‘tkazish taklifi ilgari surilgan edi. Forum ishtirokchilari taklifi davlatimiz rahbariyati tomonidan  qo‘llab-quvvatlanib, Vazirlar Mahkamasining  “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda Uchinchi renessans poydevorini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar qilinmoqda, – dedi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Ilm-fan, ta’lim va madaniyat rivojlanmoqda. Bundan 7 yil muqaddam ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun  O‘zbekison Respublikasi Prezidenti farmoni asosida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil qilingan edi. Bugun bu boradagi ishlar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Ta’kidlash kerakki, 23-26 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda «Eriell Group» neft xizmatlari kompaniyasi bilan hamkorlikda VIII xalqaro kongressi tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadi esa Yangi O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi taraqqiyot yo‘li, yangi yuksalish davrida erishilayotgan yutuqlar va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, xalqimizning boy madaniy va ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash hamda ommalashtirishda mahalliy olimlar va xalqaro ilmiy ekspertlar hamjamiyati bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir.

Tadbirda kongress ishtirokchilari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Unda  TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Kilich, “Al-Furqan” Islom merosi jamg‘armasining ijrochi direktori Sali Shahsivari, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti, akademik Shohin Mustafayev, Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining asoschisi va raisi, professor Frederik Starr, “Islom olimlarining 1001 kashfiyoti” loyihasi asoschisi va bosh prodyusseri Ahmad Salim singari dunyoning 30 dan ziyod davlatidan 200 dan ortiq olimlar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti, akademik Shohin Mustafayev intervyu berish chog‘ida mazkur xalqaro kongressni tashkil etish bardavom bo‘lishini ta’kidladi.

 Ushbu tadbir nafaqat O‘zbekistonning boy madaniy va ma’naviy merosini targ‘ib qilish va o‘rganishda, balki turkiy xalqlar uchun ham ahamiyatlidir. Xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari bilan hamkorlik qilish va tadqiqotlar o‘tkazishda bu katta imkoniyatdir. Rejalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak,  ushbu kongress doirasida Xalqaro Turkiy akademiya va Ўзбекистон madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati o‘rtasida memorandum imzolanishini rejalashtirganmiz. Unda ikki tashkilot hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar va turli tadbirlar o‘tkazishi ko‘zda tutiladi, – dedi Sh.Mustafayev.

Shuningdek, matbuot anjumanida o‘zbek zamini olimlarining jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini o‘rganish va ommalashtirish, jumladan, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosini saqlashga qaratilgan bir qator muhim loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha memorandumlar imzolanishi ham qayd etildi.

Kongress doirasida ishtirokchilar 23 avgust kuni Toshkentda qurilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi bilan tanishadi.  24-25 avgust kunlari Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” kongress-xollda 7 ta yig‘ilish, TURKSOY bilan hamkorlikdagi kino-mediaforum, bir qator ko‘rgazma va taqdimotlar o‘tkaziladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA