Markaziy Osiyo davlatlaridan mamlakatimizga tashrif buyurgan jurnalistlar delegatsiyasi bugun “Markaziy Osiyo ovozi: milliy makondan mintaqaviy makon sari” mavzusidagi konferensiyada ishtirok etdi.
Konferensiyada so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida jurnalistika sohasidagi hamkorlik ham rivojlanib borayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Umumxitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi, Rossiya, Koreya, Turkiya, Hindiston va Ozarbayjon jurnalistlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygani, memorandumlar imzolaganini ma’lum qildi.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha ishlarni jonlantirish, ayniqsa, qo‘shni davlatlarning jurnalistlar bilan ishlaydigan tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uyushmaning asosiy vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi. Markaziy Osiyo mediamakoniga mo‘ljallangan yagona axborot platformasini tashkil etish muhimligi e’tirof etildi. Ushbu axborot vositasida taqdim etiladigan materiallarni bir vaqtning o‘zida Markaziy Osiyo xalqlari tilida e’lon qilish imkoniyatlarini yaratish, Markaziy Osiyo davlatlari taniqli jurnalistlari hayoti va faoliyati, ijodiga bag‘ishlangan “Markaziy Osiyo jurnalistlari” kitobini nashr etish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Tadbir doirasida qardosh mamlakatlardan ishtirok etgan OAV vakillari yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan media sohasining nufuzi yuqori darajada ekanini e’tirof etdi.
Muhokamalar jarayonida xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqalishi, an’analar, ma’naviy qadriyat va madaniyatlarimiz mushtarak ekani ta’kidlandi. Shuningdek, mutaxassislar mintaqa jurnalistlarining hamkorlik istiqbollari, ularning samarali tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
– O‘zbekistonga birinchi marotaba tashrif buyurishim. Kecha O‘zMTRK tarixi muzeyida bo‘ldik, media markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdik, hamkasblarimiz bilan muloqot qildik, – deydi Qirg‘iziston teleradiokompaniyasining “Madaniyat” telekanali bo‘lim muharriri, teleboshlovchi Aida Shekenova. – Ko‘p davlatlar media sohasi faoliyati bilan tanishman, O‘zbekistonda OAV faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar rivojlangan davlatlarnikidan qolishmasligiga guvoh bo‘ldim.
– Bugungi tadbirni tashkil etgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mas’ullariga o‘z minnatdorligimni bildiraman, – deydi «Gulakandoz» telekanali direktori Murodjon Vaydulloyev. – Tojikiston O‘zbekistonning Surxondaryo, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan viloyatlari bilan chegaradosh hisoblanadi. Chegaraoldi hududlarda O‘zbekiston telekanallarini tojik tomoshabinlari zo‘r qiziqish bilan tomosha qilishadi. Ayniqsa, “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston tarixi”, “Yoshlar” kabi telekanallarning muxlislari ko‘p. Nafaqat o‘zbeklar, balki tojiklar, kirg‘izlar va Tojikistonda istiqomat qiladigan boshqa millatlar orasida ham O‘zbekiston televideniyesining muxlislari ko‘plab topiladi.
Konferensiyada muhokama etilgan mavzular bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA