O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sholi yetishtiruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga sholi yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-52-son qarorida belgilangan shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Bunda:

a) sholi xarid qilish bo‘yicha shartnomalar sholichilik klasterlari bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimi orqali tuziladi;

b) 2025-2026 yillarda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan sholi ekish uchun xarid qilingan va ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi urug‘ seyalkalari hamda ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizi Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi;

v)  Xorazm viloyatida sholi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat byudjetidan ularga quyidagi qo‘shimcha subsidiyalar ajratiladi:

sholi yetishtirish uchun har bir gektar lazerli tekislangan maydonga sarflangan yoqilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini, biroq bir gektar uchun umumiy xarajat miqdorining 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismini qoplash uchun;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-144-son qarorida belgilangan miqdorlarda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi Koreya Respublikasining “KOPIA” markazi bilan hamkorlikda Gurlan tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar shaklida sholi elita urug‘chilik markazlari tashkil etadi.

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda urug‘chilik markazlarida yuqori avlodli urug‘likni ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi;

urug‘chilik markazlari yuqori avlodli urug‘liklarni karantin nazoratidan o‘tkazilgan xorijiy kompaniyalardan yoki Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutidan qabul qiladi va kupaytirishni tashkil etadi;

urug‘chilik markazlariga sholining elita avlodli urug‘chiligini yetishtirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yer maydonlari ajratiladi;

urug‘chilik markazlari tomonidan urug‘lik sholini tozalash, saralash va qadoqlash ishlari amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bilan Filippin Xalqaro sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida doimiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatiladi. Sholining sho‘rga, qurg‘oqchilikka chidamli ertapishar liniyalar va xalqaro standartlarga mos navlar urug‘lari olib kelinib, Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitida muntazam sinovlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda:

xorijiy va mahalliy genofonddan samarali foydalangan holda, sholining yangi navlarini yaratish tizimi yanada takomillashtirilib, ushbu sohaga ilg‘or xalqaro tajribalar joriy etiladi;

xorijiy sholi navlari bo‘yicha ikki yil davomida sinovlar o‘tkazilib, tezpishar, kam suv talab qiladigan, yuqori hosilli navlar tanlab olinadi hamda 2027 yilga qadar tanlab olingan navlarning birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yiladi;

sholichilik yo‘nalishidagi xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, urug‘chilik xo‘jaliklari mutaxassislarining malakasi oshirib boriladi.

2024 yil hosilidan boshlab, istisno tariqasida, Xorazm viloyatidagi 120 sentner va undan yuqori hosil olgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetishtirilgan sholining 50 foizdan oshmagan guruch mahsulotini eksportga yo‘naltirishga ruxsat beriladi.

O‘zA