Bishkek shahrida “Qirg‘iziston va O‘zbekiston – keng qamrovli strategik sheriklikni mustahkamlash va kengaytirish” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev ishtirok etdi.

MHTI direktori o‘z nutqida turizm, fan, ta’lim va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda ikki mamlakatning o‘zaro hamkorligiga oid masalalar haqida to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, tibbiy turizmni rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. O‘zbekiston va Qirg‘iziston aholisi orasida nafas olish va ovqat hazm qilish tizimi organlari kasalliklari ko‘p uchrashi hamda har ikki respublikada salomatlikni mustahkamlashda yordam beruvchi noyob tabiiy resurslarga ega hududlar mavjud.

Qirg‘izistondagi Issiqko‘l yaqinida nafas olish yo‘llariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan speleoterapiya uchun foydalaniladigan Karst g‘orlari bor. Bundan tashqari, terapevtik loy bilan davolash ichak motorikasini yaxshilash va yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf etishda yordam beradi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Zomin va Oqtosh tumanlari nafas yo‘llari kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan bo‘lsa, Namangan va Surxondaryo viloyatlari oshqozon-ichak kasalliklarini davolovchi suv manbalariga ega.

Xorijiy bemorlarning tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun kelishi mahalliy tibbiyot muassasalari va mutaxassislari uchun nafaqat daromad manbai, balki yordamchi tarmoqlar, xususan, mehmonxona biznesi, restoran, transport va boshqa xizmatlar uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

MHTI direktori ushbu imkoniyatlarni inobatga olib, tibbiy turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda maxsus hududiy master rejalarni ishlab chiqishni taklif qildi.

Anjuman yakunida ikki tomon ishtirokchilari tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA