O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23 iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida Mo‘g‘uliston rahbari va uning rafiqasini O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayrog‘i ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.
24 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi asosiy muzokaralar davomida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Prezidentlarning ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvi hamda qator boshqa ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tashrif dasturiga ko‘ra, Mo‘g‘uliston rahbari Xiva shahriga ham tashrif buyurib, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.
I.AVVALBOEV,
N.HAYDAROV (surat, video), O‘zA