Korxonalarda metan emissiyalari 16 million metr kubga qisqartirildi

269

Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash muhim masala hisoblanadi. Joriy yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlanishi ham bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirmoqda.

Shu talablardan kelib chiqib, “O‘zbekneftgaz” AJ Shveysariyaning “Vema S.A.” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Metan emissiyalarini qisqartirish” loyihasini amalga oshirmoqda.

Kuni kecha kompaniya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalari va kelgusidagi strategik qadamlar muhokama qilindi.

Loyiha natijasida jamiyat tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalarida metan emissiyalari 16 million metr kubga qisqartirildi. Bu 297 ming tonna SO2 ekvivalentiga teng bo‘lib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi muhim yutuqlardan biridir. Shuningdek, loyiha global iqlim o‘zgarishiga qarshi harakatlarga katta hissa qo‘shadi.

Ta’kidlash kerakki, “COP 26” sammitida qabul qilingan “Global Methane Pledge” tashabbusiga 2022 yilda O‘zbekiston qo‘shilgan. Bu tashabbus doirasidagi faoliyat mamlakatning Parij kelishuvi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga yordam beradi.

Shu bilan birga, “Metan emissiyalarini qisqartirish” loyihasi iqlimning yaxshilanishi, energiya sarfini tejash va ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali iqtisodiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yangi strategik qadamlar belgilab olindi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA