Oilada farzand tug‘ma maymoqlik yoki umurtqa pog‘onasi kasalligi bilan dunyoga kelsa, ko‘pincha bolaning yaqinlari uni shifokorga ko‘rsatish, davolash, muammoni yechish bilan emas, balki ayolni ayblash bilan ovora bo‘lishadi. Ehtimol, tibbiy xizmatlarning qimmatligi ularni xavotirga solar, balki boshqa sabablari bordir, bunisi bizga qorong‘i…

Ammo bugungi kunda bu kabi xavotirlarga o‘rin qolmadi. Sababi bolalarda uchraydigan ortopedik kasalliklarning jarrohlik amaliyotlari bepul amalga oshirilmoqda.

O‘zA muxbiri Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, bunga oydinlik kiritdi.

— Ilgari bemorlarimiz tibbiyotda qaysi xizmatlar pulli, qaysilari bepul, degan savolni berishsa, javob topolmay xijolat bo‘lardim, — deydi markaz direktori Murodjon Irismatov. —Sababi oldin faqatgina bemorning shifoxonada yotishi uchungina bepul order berilar edi. Bemor bolalarning dori-darmonlari, misol uchun skoliozni to‘g‘rilash uchun ishlatiladigan temir moslamalar yoki displaziyada ishlatiladigan plastinka-shuruplar ota-onalar tomonidan sotib olinardi.

2021 yil 1 oktyabrdan davlat tibbiy sug‘urtasi orqali har bir kasallangan bola kafolatlangan tibbiy xizmatni olish huquqiga ega bo‘ldi. Ortopedik, travmatologik muolajalarga ehtiyoji bor 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning operatsiyasi davlat tomonidan bepul o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

— Ko‘proq qaysi kasalliklarning operatsiyasi bepul amalga oshirilmoqda?

— Bolalarda uchraydigan tug‘ma nuqsonlar, ya’ni tug‘ma bo‘yin qiyshiqligi, son suyaklarining tug‘ma chiqishi yoki displaziyasi, ko‘krak qafasi deformatsiyalari (bo‘rtib chiqishi), skolioz — umurtqa pog‘onasida kechadigan kasalliklar, oyoqda uchraydigan tug‘ma maymoqlik, yassi oyoqlik kasalliklarining operatsiyalari  bepul amalga oshiriladi.

— Bu jarayon 2021 yildan boshlangan ekan, hozirgi kunda ko‘rsatkichlar qanday?

— Dastlabki yilda 50-60 nafar bemor bolani bepul operatsiya qilgan edik. Tibbiy asbob-uskunalarni to‘liq olganimizdan so‘ng mutaxassislarimiz ham ko‘paydi. Bugungi kunda yiliga 120-130 nafar bolada bepul operatsiya o‘tkazyapmiz.

Hozirgi kunda umurtqa pog‘onasini to‘liq korreksiya qilib, unga metall moslamani o‘rnatish, ya’ni 6-8 soatgacha davom etadigan operatsiyalarni amalga oshirish ikki baravarga oshgan. Ilgari bunday operatsiyalar faqatgina markazda qilingan bo‘lsa, hozir viloyatlardagi ko‘ptarmoqli shifoxonalardagi travmatologik bo‘limlarimizda ham amalga oshirilmoqda. Bu bo‘lim shifokorlari bizning markazimizda malakasini oshirib ketishyapti. Namangan, Farg‘ona, Navoiy viloyatlari va Nukusda shunday operatsiyalar amalga oshirildi.

Ota-onalar Itravma.uz telegram kanali orqali biz bilan bog‘lanib, farzandining salomatligini tiklashlari mumkin.

— Ortopedik kasalliklarning kelib chiqish sabablari nimada?

— Eng rivojlangan davlatlarda ham bolalar o‘rtasida ortopedik kasalliklar 1 foizdan 3 foizgacha uchraydi. Asosiy sabablardan biri ona qornida homila yetilayotgan paytda har xil kasalliklar — kamqonlik, yuqumli kasalliklar hamda tug‘uruq jarayonlarining og‘ir kechishi ham bolaga ta’sir qilishi mumkin.

Shu sababli har bir bola tug‘ilganidan so‘ng uning parvarishiga jiddiy e’tibor berish kerak. Ya’ni, bolani quyoshda sayr qildirish, to‘g‘ri o‘tirg‘izish, vitaminlarni vaqtida berish, hattoki bog‘cha va maktabga ketayotganida og‘ir sumkalarni ko‘tartirmaslik kabi qoidalarga amal qilinsa, bolaning gavdasi chiroyli va sog‘lom bo‘lib o‘sadi.

Suhbatning to‘liq shaklini O‘zAning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali ko‘rishingiz mumkin.

N.Rahmonova, A.Sodiqov, A.Ahmedov (video), O‘zA