Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tufayli barcha sohalarda ulkan yutuq va marralar qo‘lga kiritilmoqda. Ba’zan buni o‘zimiz ko‘p ham sezavermaymiz, bizga oddiy, shunday bo‘lishi kerakdek tuyuladi. Aslida-chi? Bunday olamshumul o‘zgarishlarni xorijlik mehmonlardan eshitish qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi.
Jizzax viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, ijtimoiy-madaniy inshootlar bilan tanishish uchun Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahridan kelgan bir guruh tadbirkorlar mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlari, tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlardan hayratda ekanini alohida ta’kidladi.
– O‘zbekistonda yigirma yil avval bo‘lgan edim, – deydi tojikistonlik tadbirkor Saidbek Haydarov. – Sababi ma’lum, bir necha yil mamlakatlarimiz o‘rtasida chegaralar yopilgani bois bordi-keldi qilolmaganmiz. Shukrki, keyingi yillarda ikki davlat Prezidentlarining oqilona va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati tufayli xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldi qayta tiklandi. To‘g‘risi, O‘zbekistonda bunchalik katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘laman, deb o‘ylamagan edim. Bir-birlarining yutuqlarini ko‘rish, o‘rganish har ikki xalq uchun ham foydali, albatta. Tashrifimiz davomida jizzaxlik tadbirkorlar bilan qurilish sohasi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Kelgusida bu hamkorlikni yanada kengaytiramiz.
Mehmonlar tashrif doirasida Jizzaxning tarixiy-madaniy maskanlarida bo‘ldi. Yunus Rajabiy nomidagi viloyat musiqali drama teatrida teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

 

Toshqul Beknazarov, O‘zA