O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ko‘plab xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilinayotir.

Mamlakatimizning jahon texnologiya bozorida o‘z ta’sirini oshirishi, xalqaro imijini yanada yaxshilashi uchun Gaaga bitimining Jeneva aktiga qo‘shilish juda muhim.

Chunki bu xalqaro hujjat sanoat mahsulotlarini tashqi bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan subyektlarga mavjud milliy tizimlarga qaraganda sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartib-taomilini olish imkonini beradi.

Shu maqsadda “Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (1999-yil 2-iyul, Jeneva) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ishlab chiqildi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi.

Bundan tashqari, majlisda “Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961-yil 26-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunga ham e’tibor qaratildi.

Mazkur qonun ahdlashuvchi davlatlarda ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlarining intellektual huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Konvensiyani ratifikatsiya qilgan tomonlar ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini himoya qilishni ta’minlashning milliy rejimini taqdim etishi belgilangan.

Qonun kuchga kirsa, O‘zbekiston turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Bu esa bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishga va mamlakatimizning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga xizmat qiladi.

Senatorlar milliy qonunchilikning mazkur xalqaro hujjatlar qoidalariga muvofiqligini, ularni ratifikatsiya qilishdan kutilayotgan natijalar, shuningdek, uni keyinchalik implementatsiya qilish mexanizmlarini atroflicha muhokama qildi.

Qonunlar Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi tavsiya etildi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA