Ayni kunlarda Dominika Respublikasining Punta Kana shahrida Xalqaro Notariuslar Ittifoqining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur yig‘ilishda Xalqaro notariuslar ittifoqi Prezidenti Lionel Galliyez, XNI Boshqaruvi a’zolari, mintaqaviy komissiyalar prezidentlari, shu jumladan, XNIning Osiyo ishlari komissiyasi Prezidenti – O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov ishtirok etmoqda.

Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda D.Ashurov taqdimot qildi va  tadbir ishtirokchilarini Yangi O‘zbekistonning notariatining tizimi va sohada olib borilgan islohotlar bilan tanishtirdi. Xalqaro tadbir doirasida O‘zbekiston va Dominika notariat tizimlari o‘rtasida munosabatni yanada mustahkamlash maqsadida ikki davlatning notariat tizimi rahbarlari tomonidan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda.

Aytish joizki, O‘zbekiston notariati sohasida olib borilayotgan islohotlar xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda, XNIga a’zolikka nomzod davlatlar notariat tizimlarida O‘zbekiston tajribasi ommalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Notariuslar Ittifoqi (UINL-Union Internacional del Notariado Latino) 1948-yil 2-oktyabr kuni Argentinaning Buenos-Ayress shahrida tashkil topgan bo‘lib, barcha besh qit’adan jami 91 mamlakat notariuslarni birlashtiruvchi xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Ushbu nodavlat tashkilotning asosiy vazifasi – butun dunyo bo‘ylab lotin notariati tizimi asosiy tamoyillarini, notarial funksiyalar va faoliyatni targ‘ib qilish, muvofiqlashtirish va rivojlantirishdan iboratdir.

O‘zbekiston Notarial palatasi 2021-yil 3-dekabr kuni Xalqaro Notariuslar Ittifoqining 91-a’zosi hisoblanadi.

 

O‘zA