Munosabat

To‘qimachilik tarmog‘i so‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida keng tarqalgan va aholi eng ko‘p ish bilan band qilingan salohiyatli sanoat tarmoqlaridan biri sanaladi. Jumladan, bugungi kunda 6 mingdan ziyod to‘qimachilik korxonalarida 570 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

Ushbu sohaning mamlakatimiz iqtisodiyoti va tadbirkorlik muhitida tutgan yuqori o‘rni sabab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ham to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilab olingan. Xususan, Strategiyaning 48-maqsadida sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va hududlarning  salohiyatini to‘liq ishga solish maqsad qilingan. Buning doirasida to‘qimachilikda ip kalavani qayta ishlash darajasini 100 foizga yetkazish hamda yuqori sifatli matoga talabni qondirish uchun 400 ming tonna sun’iy va aralash tola ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi to‘qimachilik tarmog‘ida ko‘zlagan maqsadlarimiz ham ulkan. Ammo bu marralarga erishish uchun bizda kuch va imkoniyat yetarli darajadami, degan savol tug‘ilishi tabiiy albatta. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi yetti yilda orttirilgan boy tajriba va erishilgan natijalarimiz, galdagi vazifalar ijrosini ta’minlashda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi. Faqat bu jarayonda muntazam nazorat hamda ish sifati va samaradorligini tahlil qilib borish muhim.

Shu bois, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilish avvalida o‘tgan 2023-yili to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish 94 trillion so‘mga yetib, so‘nggi 7-yilda 4,2 baravar oshgani, 2023-yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar bo‘lgani ta’kidlandi.

Ammo, ushbu yutuqlar bilan bir qatorda o‘tgan yili to‘qimachilik sohasi eksporti kutilgan ko‘rsatkichdan 200 million dollar kam bo‘lgan. Tayyor mahsulot eksporti 1,3 milliard dollarni tashkil etgani bilan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi yetarli darajada bo‘lmagan.

Bunga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar sifatida oxirgi ikki yilda jahon bozorida to‘qimachilik mahsulotiga bo‘lgan talabning kamaygani, asosiy eksport bozorlarimizda valyuta kursi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganligi aytilgan.

Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda 1 kilogramm ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan o‘rtacha 28 foizga arzon. Bu o‘zimizda tayyor mahsulotni ko‘paytirish uchun juda katta imkoniyat demakdir. Shu bilan birga, ushbu imkoniyatlarning to‘laqonli ishga solinishi kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Ushbu soha taraqqiyotidagi eng muhim masalalardan yana biri bu eksport salohiyatining ma’lum bir hududlar bilan cheklanib qolganligidir. Tahlillar so‘nggi oylarda to‘qimachilik mahsulotlarimiz uchun 3 ta yangi bozorga yo‘l ochilgani bilan hanuzgacha eksportning qariyb 80 foizi Rossiya, Xitoy va Turkiya bozorlariga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatgan.

Bugun dunyo sahnasida ro‘y berayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar, iqtisodiy inqirozlar sabab, iqtisodiyotning “drayver” sohalaridan biri bo‘lgan to‘qimachilik tarmog‘ining ma’lum bir davlatlar bozoriga bog‘lanib qolishi kelajakda o‘zining salbiy ta’sirini ham ko‘rsatishi mumkin.

Shu bois, yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan Yevropa, Amerika va boshqa rivojlangan davlatlar bozoriga chiqish imkoniyatlarini o‘rganish vazifasi qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu sohadagi eksportchilarimizning 12 foizgina bunday imkoniyatdan foydalanib kelmoqda. Endilikda yirik korxonalarning mahallalarda filiallarini tashkil qilish amaliyotini kengaytirish orqali ham mahsulotlarning yevropa bozorlariga eksport salohiyatini yuksaltirish mumkin. Boisi, korxona boshqa hududda filial ochsa, ortiqcha vaqt va xarajat qilib, yangidan standart joriy qilishi yoki sertifikat olishi shart bo‘lmaydi.

Shuningdek, yurtimizda 1 million 300 ming tonna tolani qayta ishlash quvvati mavjud. Keyingi ikki yilda yangi loyihalar hisobiga ushbu quvvatlar 1,5 million tonnaga yetkazilishi maqsad qilingan. Lekin hozirda 1 million tonnaga yaqin tola ishlab chiqarilmoqda. Bunday sharoitda yakka-yu yagona yo‘l – paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirishdir.

Bundan buyon viloyatlarda qayta ishlashning birinchi va ikkinchi zanjiri bor to‘qimachilik korxonasi paxta xomashyosini fermerdan bozor narxida sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi va o‘z vaqtida yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradi. Natijada, paxta hosilini yetishtirgan fermerlarda ham manfaatdorlik ortib, kam xarajat qilib ko‘proq hosil olishga intilish ortadi.

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan ham erkin muloqot qilinib, korxonalarda mehnat unumdorligini oshirish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini bir kunda qaytarish amaliyotini kengaytirish, bo‘yalgan mato eksportini ko‘paytirish, korxonalarning arzon moliyaviy resurslarga ehtiyojini qondirish kabi masalalar muhokama qilinib, ushbu tarmoq rivojiga mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Umuman olganda, to‘qimachilik sohasi taraqqiyoti nafaqat mamlakat iqtisodiyoti yuksalishiga hamda daromadi yuqori bo‘lgan yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi, mineral o‘g‘itlar kabi yana bir qator tarmoqlar rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Maxfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA