MUNDIAL ANONSI: Bugun guruh o‘yinlarining birinchi turiga yakun yasaladi, ikkinchi tur start oladi

Bugun Rossiya mamlakati stadionlarida davom etayotgan Jahon chempionati guruh o‘yinlarining birinchi turiga yakun yasaladi. Rossiya va Misr uchrashuvi bilan esa ikkinchi turga start beriladi.
Dastlab Jahon chempionatining so‘nggi – “N” guruhining ikki o‘yini bo‘lib o‘tadi. Saranskdagi «Mordoviya Arena» stadionida Kolumbiya va Yaponiya o‘zaro hisob-kitob qilishadi. Uchrashuvni sloveniyalik Damir Skomina boshqaradi.
Guruhdagi Polsha va Senegal o‘rtasida o‘yinga Moskvaning “Spartak” stadioni mezbonlik qiladi. Bahraynlik Navaf Shukralla bosh hakam sifatida ishlaydi.
Kunning so‘nggi uchrashuvi Rossiya va Misr termalari o‘rtasida kechadi. Xabaringiz bor, chempionat mezboni birinchi turda Saudiya Arabistoni darvozasiga javobsiz beshta gol yo‘llab, hozircha turnirning eng yirik hisobini qayd etib turibdi. Misr esa bugunning yulduzi Muhammad Salohsiz Urugvay termasiga qarshi maydonga tushib, bitta to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchragandi. Bu gal Saloh asosiy tarkibdan joy olishi e’lon qilindi.
Kolumbiya – Yaponiya uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi. Polsha – Senegal o‘yini 20:00da, Rossiya – Misr termalari bahsi esa 23:00da boshlanishi belgilangan.
Oybek Yunusov

 

O’zA