Jahon birinchiligi Xalqaro futbol federatsiyasi (Federation Internationale de Football Association) – FIFA shafeligida 4 yilda bir marta o‘tkaziladi. Hozirga qadar muxlislar 20 chempionatning guvohi bo‘ldi. 14 iyun-15 iyul kunlari Rossiyada 15-birinchilik boshlanadi.
Chempionlik kubogini qo‘lga kiritish bo‘yicha rekord Braziliyaga tegishli bo‘lib, bu mamlakat futbolchilari besh marta shohsupaga chiqqan (1958, 1962, 1970, 1994, 2002). Shu bilan birga Braziliya barcha jahon chempionatlarining final bosqichlarida qatnashgan yagona mamlakat sanaladi.
Jahon chempionlari ikki martagina o‘z maqomini himoya qilib, ketma-ketma shohsupaga ko‘tarilgan. Bular Italiya (1934, 1938) va Braziliyadir (1958, 1962). Hech bir terma jamoa uch bor ketma-ket chempionlikni qo‘lga kirita olmagan.
1942 va 1946 yillarda bellashuvlar o‘tkazilmagani tufayli Italiya 16 yil davomida (1934-1950) chempion bo‘lib kelgan.
Finalga chiqib mag‘lub bo‘lganlar orasida Germaniya birinchi o‘rinda turadi (4 marta).
Jahon chempionatlarida Germaniya eng ko‘p (106), Indoneziya eng kam (1) uchrashuvlarda qatnashgan.
Eng ko‘p g‘alabani Braziliya qo‘lga kiritgan (70), Meksika esa eng ko‘p mag‘lubiyatga uchragan (24).
Bir turnir davomida eng ko‘p gol urgan terma jamoa Vengriyaga tegishli. Uning o‘yinchilari 1954 yilgi chempionatda 27 gol urgan.
2006 yilgi chempionatda Shveysariya birorta ham gol o‘tkazmay, rekord qo‘ydi. Umuman olganda esa, darvozani uzoq vaqt “quruq” saqlash bo‘yicha Italiya terma jamoasining darvozaboni Valter Dzengaga teng keladigan yo‘q. 1990 yilgi turnirda u 517 daqiqa davomida darvozani “ozoda” saqlay olishga muvaffaq bo‘lgan.
Bir turnir davomida eng ko‘p gol o‘tkazgan jamoa Janubiy Koreyanikidir. Bu jamoa 1954 yilgi bahslarda ikki o‘yindayoq 16 marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan.
Chempionat qatnashchilari orasida eng ko‘p sovrindor bo‘lgan futbolchi, albbatta, mashhur Peledir. U uch marta chempion bo‘lgan (1958, 1962, 1970).
Meksikalik Antonio Karbaxal i germaniyalik Lotar Matteus — bir yo‘la besh chnempionatda qatnashgan. Joriy yilda meksikalik Rafael Markes ular safidan joy olishi mumkin — Rossiyadagi chempionatga uning “obyektivkasi” jo‘natilibdi.
Chempionatda qatnashgan eng yosh futbolchi Shimoliy Irlandiya vakili Norman Uaytsayddir. 1982 yili Ispaniyada bo‘lgan chempionatda maydonga tushganida u 17 yashar va 41 kunlik “bola” edi. Eng yoshi ulug‘ o‘yinchi, shubhasiz, kamerunlik Roje Milladir. 1994 yili u 42 yoshida (yana 39 kun) Rossiyaga qarshi bahsda maydonga tushgan. Shu o‘yinning o‘zida eng yoshi ulug‘ gol muallifi ham bo‘lgan. Gol mualliflari orasida eng yoshi esa Peledir. U 1958 yili 17 yoshu 239 kunlik chog‘ida Uels darvozasiga to‘p kiritgan.
Jahon chempionati final bosqichlarining eng yaxshi to‘purari germaniyalik hujumchi Miroslav Kloze bo‘lib, 2002-2014 yillar davomida 16 golga mualliflik qilgan. Alohida olingan turnirda to‘purarlik rekordi esa fransiyalik Jyust Fontenga tegishli. U 1958 yilgi bahslarda 13 gol muallifi bo‘lgan.
Rossiyalik hujumchi Oleg Salenko bir o‘yinda beshta gol urib qo‘ygan rekordni hali hech kim yangilay olgani yo‘q. 1994 yilda u kamerunliklarni qattiq qaqshatgan edi. Angliyalik Jeffri Hyorst esa finalda xet-trikka erishgan yakkayu yagona futbolchi bo‘lib qolmoqda (1966).
Eng tez gol urgan o‘yinchi turkiyalik Hoqon Shukurdir. U 2002 yili 3-o‘rin uchun bahsda Janubiy Koreya darvozasiga to‘p kiritganda o‘yin boshlanganiga 11 soniya bo‘lgan edi, xolos.
Bir o‘yinda eng ko‘p gol urish borasida vengriyaliklarga hozircha hech kim tenglasha olgani yo‘q. 1982 Vengriya Salvadorni 10:1 hisobi bilan mag‘lubiyatga uchratgan edi. Eng “serhosil” o‘yin esa 1954 yili Avstriya bilan Shveysariyao‘rtasida bo‘lib o‘tgan, unda 7:5 hisobi qayd etilgan.
Darvozabonlar orasida o‘yinlarni ketma-ket “nol” bilan yakunlash bo‘yichaangliyalik Piter Shilton va fransiyalik Fabyen Bartez rekord o‘rnatgan (10 marta). Meksika va Saudiya Arabistoni darvoza posbonlari Antonio Karbaxal va Muhammad ad-Diayya hammadan ko‘p ko‘p gol o‘tkazgan (25).
O‘z jamoasini ikki bor chempion qilgan yakkayu yagona murabbiy italiyalik Vittorio Possodir (1934, 1938). Germaniya jamoasi murabbiysi Helmut Shyon trener sifatida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan. U jamoani 25 marta maydonga olib chiqqan.
Braziliyalik Mario Zagallo turli maqomda – ikki ma
rta o‘yinchi, bir marta murabbiy va bir marta murabbiy yordamchisi sifatida to‘rt karra jahon chempioni bo‘lgan. Germaniyalik Frans Bekkenbauer ham o‘yinchi va murabbiy sifatida ikki marta chempion bo‘lgan.
“Hosildorlik”ka keladigan bo‘lsak, golga eng boy chempionat 1954 yili Shveysariyada o‘tgan. O‘shanda bir o‘yinda o‘rtacha 5,38 gol urilgan. 1990 yili Italiyada bo‘lgan chempionatda “qurg‘oqchilik” kuzatilgan – bir o‘yinga o‘rta hisobda atigi 2,21 gol to‘g‘ri kelgan.
Muxlislar soni bo‘yicha 1994 yili AQSHda o‘tgan chempionat birinchi o‘rinda turadi. O‘shanda bir o‘yinga o‘rtacha 68 ming 991 tomoshabin kirgan. Alohida uchrashuvdagi muxlislar soni bo‘yicha esa Rio-de-Janeyrodagi “Marakana”ga teng keladigan yo‘q. 1950 yili bu yerda Braziliya bilan Urugvay o‘rtasidagi hal qiluvchi bellashuvni qariyb 200 ming odam tomosha qilgan.
Muzayyana Mashrabxon