I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida taniqli rassom Yuliya Razumovskayaning 1920 yillarning o‘rtalarida O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida yaratilgan grafik asarlaridan iborat “O‘zbekiston chehralari” ko‘rgazmasi ochildi.

Bugungi kunda muzey fondida rassomning ushbu davrga oid 30 ga yaqin grafik asari saqlangan bo‘lib, ularning aksariyati ko‘rgazmada namoyish etilmoqda.

Yuliya Vasilevna Razumovskaya (1896-1987) Qozon shahrida taniqli professor – jarroh va jamoat arbobi V.Razumovskiy oilasida tug‘ilgan. U 1912 yilda V.N.Meshkov ustaxonasida badiiy san’atdan dars oldi. 1913 yilda u Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tadi va u yerda Y.Sionglinskiy va Y.Goldblat studiyalarida tahsil oladi. Keyinchalik esa Badiiy akademiyaga qabul qilindi. U badiiy ta’limni 1923 yilda Moskvadagi Oliy badiiy texnik ustaxonaning rangtasvir fakultetida D.Kardovskiy ustaxonasida tugatgan.

Rassomning hayoti sobiq ittifoq mintaqalariga va chet davlatlarga qilgan ko‘plab qiziqarli sayohatlari bilan to‘la bo‘ldi. Ushbu ijodiy sayohatlar asosan uning asarlarining mavzularini belgilab berdi va mintaqaviy ijodiy davrlarning vujudga kelishiga yordam bergan. Bunday vaqtlardan biri “O‘zbekiston” turkum asarlari yaratilgan davrga to‘g‘ri keladi.

1925 yilda Yuliya Vasilevna birinchi marta O‘zbekistonga qadimiy me’moriy yodgorliklarni qayta tiklash bo‘yicha ekspeditsiya tarkibi bilan kelib, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida ishlaydi. Ekspeditsiyaning dala mavsumlari 1927 yilgacha davom etgani tufayli Razumovskaya uzoq vaqt yashab, ijod qilgan ko‘hna Buxoroga qayta-qayta borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Rassom o‘z xotiralarida O‘zbekiston haqida, bu “mo‘’jizalar mamlakati” bilan tanishgani va, ayniqsa, uni hayratda qoldirgan tabiati haqida shunday yozadi:

“Yoz jaziramasi, bulutsiz osmon, baquvvat janub o‘simliklari, ulkan daraxtlar, to‘p-to‘p gullar, odamlarga to‘la shovqinli ko‘chalar… Qadimiy gumbazlar, miltillagan yorqin oqshom va to‘satdan olomon orasida quyosh nuridek yarqiragan liboslar paydo bo‘lishi – bularning hammasi ertakdagidek. Olomon xuddi spektakldagidek shovqin-suronli. Shu bilan birga, ajoyib rangbaranglik, xilma-xil sharqona liboslar va chehralar bilan hayratlanarli edi”.

Razumovskaya juda faol rassom edi. Uning rangtasvir va grafik asarlari har xil janr, ya’ni portret, manzara, natyurmort janrlarida yaratilganligi va turmush sahnalari aks ettirilishi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, uning O‘zbekistonda uchratgan yorqin qiyofalari “O‘zbekiston” turkumidagi portret janridagi asarlar uchun boy manba bo‘lib xizmat qilgan.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan grafik asarlari barchada xuddi ikki nafar rassomning asarlari taqdim etilayotgandek taassurot uyg‘otadi. Birinchisi, realist rassom – buyuk I.Repinning shogirdi, juda yaxshi chizmachi D.Kardovskiyning o‘quvchisi. Ushbu turkumga kiruvchi asarlarida real odamlarning ruhiy holati aks ettirilgan portretlar (“Abdulla G‘oniy, Kermene”, “Buxorolik o‘zbek ayoli”) va mahalliy aholining xulq-atvori aniq ochib berilgan xomaki chizmalar (“Tursun”, “Zura”) ifodalangan.

Ikkinchi turkumda biz modernist rassom asarlarini ko‘ramiz. Rassom uchratgan turli xulq-atvorli qiyofalardan yangi uslubda umumlashtirilgan tipik obrazlar yaratgan (“Buxorolik yahudiy”, “Toshkent. Gul sotuvchi”, “Tojik”, “O‘tirgan yosh o‘zbek yigit”). Uning modernistik grafik asarlari nozik kinoya va O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan katta muhabbat bilan to‘ldirilgan.

Yu.Razumovskaya O‘rta Osiyo tasviriy san’atining mohir ustalari orasida O‘zbekistonning oddiy odamlaridan yangi qiyofalar yaratgan. Sharq san’atida avval yaratilgan asarlarni takrorlamagan rassom sifatida keng tanilgan.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari