Pokiston armiyasi o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt davomida mamlakatni bevosita boshqarib kelmoqda. 2022 yil noyabr oyida o‘sha paytdagi armiya boshlig‘i Qamar Jovid Bajva armiya uzoq vaqt siyosatda ustunlik qilganini tan olib, xayrlashuv nutqida armiya bundan buyon Pokistonning demokratik faoliyatiga aralashmasligini ta’minlashga va’da bergan edi. 14 oy o‘tgach, o‘sha va’da o‘zini oqlamagandek ko‘rinadi. Mamlakat 8 fevraldagi saylovga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda harbiylarning tanish soyasi yana ko‘rina boshladi. Sobiq Bosh vazir Imron Xon davlat sirini sotgani uchun 10 yilga qamalishi, partiyaning bir necha faoli yashirinib yurgani bunga misol.
Jurnalistlar Imron Xon va uning partiyasi haqida so‘z ketganda, harbiylar tomonidan o‘rnatilgan senzura to‘g‘risida gapirishadi. Jamiyatda saylov oldi ruhiyati sezilmaydi.
Ushbu siyosiy bo‘g‘in Pokistonni o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishi hech bir Bosh vazir besh yillik vakolatini tugata olmasligi, to‘rt harbiy diktatordan uch nafarining har biri to‘qqiz yildan ortiq hukmronlik qilishiga olib keldi. Navbatdagi saylov yaqinlashayotgan bir vaqtda faxriy siyosatchi va tahlilchilarni bir savol qiziqtiradi: 241 million aholisi bor davlat saylovdagi fuqarolik va harbiy nomutanosiblikni to‘g‘rilay oladimi?
Demokratiya o‘rnatilishi
Lahorlik jurnalist va muharrir Badar A’lam aytishicha, harbiylar hokimiyat markazi sifatida harbiy bo‘lmagan sohalar ustidan hukmronlik o‘rnatgan institut bo‘lib qolmoqda. Sobiq federal vazir, hozir iste’fodagi siyosatchi Asad Umar fikriga ko‘ra, armiyaning mutlaq ustunligi 1948 yil Hindistonga qarshi urushdan keyin mustaqillikka erishilgandan bir yil o‘tib paydo bo‘lgan. Yana o‘n yil o‘tgach, armiya boshlig‘i general Ayub Xon davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatni qo‘lga kiritgach, mamlakatda birinchi marta harbiy holat joriy etildi. O‘shandan beri harbiylar boshqa hukumat idoralariga qaraganda ko‘proq byudjet resursiga egalik qilib keladi.
“1958 yil harbiylar hokimiyatni qo‘lga kiritib, harbiy holat o‘rnatgach, ularning Pokiston siyosiy hukumatidagi faoliyati mo‘’tadillasha boshladi”, deydi ikki muddat moliya vazirligini boshqargan Miftoh Ismoil.
“1948, 1965, 1971 va 1999 yillarda Hindiston bilan kechgan urush armiyani muhim o‘yinchiga aylantirdi. Hind tahdidiga qarshi kurashish maqsadida armiyani kengaytirish va mustahkamlash uchun doimiy ravishda hokimiyatdan katta mablag‘ ajratilgan. Armiyaning kuchaygan ta’siri mamlakatda siyosiy konfiguratsiyani yuzaga keltirdi. Pokiston siyosiy sinf sifatida bo‘lingan gibrid boshqaruv tizimining yorqin namunasidir”, deydi siyosatshunos Asma Fayz.
Pokistondagi siyosiy partiyalar va zo‘ravonlik haqidagi kitob muallifi, yozuvchi Nilufar Sidqiy partiyalarning muvaffaqiyatsizligiga harbiy aralashuvni sabab qilib keltiradi. Natijada partiyalar sulolaviy, ichki nodemokratik va mahalliy darajada cheklanib qolgan. Ba’zi faxriy rahbarlar ta’kidlashicha, siyosatchilar harbiylar bilan birga ishlashdan manfaatdor, ular jarayonga to‘liq sherik, raqiblarini yo‘q qilish uchun harbiylarga tayanadi, ularning nomidan ish ko‘radi. Shu sabab siyosatchilar o‘zlarini “kichik diktatorlar” kabi tutishadi.
Demokratiya va’dasi
Pokiston uchun demokratiyaga yo‘l 1980-yillar oxiri, 1990-yillar boshida general Ziyo-ul Haqning 11 yillik diktaturasidan so‘ng paydo bo‘lgan. General 1988 yil avgustda avia halokatda halok bo‘lgan. Keyingi 11 yil davomida hukumat to‘rt marta, barchasi manipulyatsiya, soxtalashtirish va harbiy aralashuv ayblovi bilan kechgan saylov jarayonini boshdan kechirdi. Benazir Bxutto yetakchiligidagi Xalq partiyasi ikki saylov (1988, 1993)da, Navoz Sharif boshchiligidagi Muslim ligasi esa qolgan ikkitasi (1990, 1997)da g‘alaba qozongan. To‘rt hukumatning hech biri bugungi kunda ham davom etayotgan korrupsiya holatini yo‘qota olmadi.
Mamlakatagi so‘nggi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘ntarish 1999 yil oktyabr oyida o‘sha paytdagi armiya boshlig‘i general Parviz Musharraf hukumatni ag‘darib, Bosh vazir Navoz Sharifni qamoqqa olganda sodir bo‘lgan. Musharraf hukmronligi 2008 yilgacha davom etsa-da, bu davrda Xalq partiyasi va Muslim Ligasi bir-biriga yaqinlashib, 2006 yil muhim hujjat atalmish Demokratiya Xartiyasiga kelishib oldi. Bxutto va Sharif konstitutsiyaga zid yo‘llar bilan bir-biriga putur yetkazmaslik, hukumatni ag‘darish yoki hokimiyatga kelish uchun harbiy yordam so‘ramaslikka qaror qilishgan.
2007 yil dekabr oyida Bxutto siyosiy miting chog‘ida o‘ldirilgach, partiyani uning turmush o‘rtog‘i Osif Ali Zardoriy egalladi. 2008 yilgi saylovda Sharifning partiyasi hokimiyatga keldi.
2013 yil saylovida nafaqat hukumat tayoqchasi Xalq partiyasidan Muslim Ligasiga o‘tdi, balki, xarizmatik Imron Xon yangi paydo bo‘lgan siyosiy kuch boshchiligidagi Adolat uchun kurash partiyasi yuksalishini ham ko‘rsatdi. Keyingi 5 yil harbiylar va hukumat o‘rtasidagi kelishmovchilik kuchaygani sababli Xon partiyani qo‘llab-quvvatlay boshladi. Uning tanqidchilari 2018 yilgi g‘alabani saylovga sanoqli kunlar qolganda vazirlikdan chetlatilgan Sharifdan qutulish uchun tanlanganini aytadi. Oxir-oqibat Imron Xon va harbiylar o‘rtasida ham taranglik kuchayadi va 2022 yil aprelida parlament ishonchsizlik votumi orqali Bosh vazir hokimiyatdan chetlashtirildi. Xon buni harbiylar AQSH boshchiligidagi fitna orqali uyushtirilganini da’vo qilib keladi. Vashington ham armiya ham bu ayblovni rad etadi.
Sharif va Xonning tajribasi Pokistondagi siyosatchilar nima uchun ko‘pincha harbiylar xohish-istagini bajarishga majbur bo‘lishini ko‘rsatadi. “Agar shunday qilmasa, ularning qamoq, sud, teskari tashviqot qiluvchi OAV ta’qibiga uchrashi, hatto qotillik qurboniga aylanishi xavfi bor”, deydi Lahorlik jurnalist A’lam.
Sobiq siyosatchilar mamlakatda bunday gibrid tizimdan qutulish uchun siyosatchilarni birlashishga chaqirib keladi. Afsuski, ko‘pchilik sobiq vazirlar navbatdagi saylov ham oldingilari singari mazxarabozlikdan boshqa narsa emasligiga ishonadi.
Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA