Mamlakatimizda atmosfera havosini muhofaza qilish, tabiatni asrab-avaylash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik holatni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, oxirgi paytlarda mamlakatimizda, shu jumladan, poytaxt Toshkent shahrida atmosfera havosi yomonlashib, keng jamoatchilikning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Atmosfera havosining ifloslanishi yaqin yillarda paydo bo‘lgan muammo emas, balki uning kelib chiqishining bir qancha sabablari bor, albatta.

Ma’lumotlarga ko‘ra, daraxtlar va butalar kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida ham 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan. Bundan tashqari, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida bir necha marta qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilinganiga qaramay, qurilishlar davom etmoqda.

Ko‘plab e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘layotgan ekologik muammolarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ham alohida e’tibor qaratildi. Quyi palata majlisidan avval O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tashabbusi asosida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning “Toshkent shahri atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida”gi axborotini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida eshitish masalasi ko‘rib chiqilgan edi.

Qonunchilik palatasining 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputat O‘ktam Islomov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining axborotini eshitish masalasini kun tartibiga kiritish taklifini bildirdi. Mazkur taklif siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari rahbarlari tomonidan ham bir ovozdan ma’qullandi.

Muhokamalarda deputatlar vazirning eshituvi shunchaki nomiga bo‘lmasligi, natijadorlikka qaratilgan aniq yechim va qarorlar qabul qilish lozimligini alohida ta’kidladi.

—  Eshituvni nomiga o‘tkazish niyatimiz yo‘q, — dedi bunga javoban O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Xayrullo G‘afforov. — Fraksiya va qo‘mitamiz tomonidan ishchi guruhi tuzilgan. Eshituvga qadar tegishli joylarda o‘rganish ishlari amalga oshiriladi. Biz parlament vakillari atmosfera havosini muhofaza qilishda qanday yordam bera olamiz? Shu masalalarda qaysidir qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozim bo‘lsa, eshituvdan keyin Qonunchilik palatasiga kiritish asosiy maqsadimizdir.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng quyi palataning kelgusi majlisida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining axboroti eshitiladigan bo‘ldi.

Darhaqiqat, bugun ekologiya bilan bog‘liq muammolar o‘ta jiddiy tus olmoqda. Shuning uchun ham bu borada aniq tashabbuslarni amalga oshirish, muammolar yechimiga qaratilgan ishlarni yo‘lga qo‘yish, ekologik barqarorlikka erishish choralarini ko‘rish zarur.

Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov(video), O‘zA