Unda yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof-muhitga salbiy ta’siri yuzasidan so‘rov aks etgan.

Yaylovlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqamizda ekologik muvozanatni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, chorvachilikni rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilashda asosiy tabiiy manbalardan biri hisoblanishi ta’kidlandi.

Shu sababli yaylovlarning tabiiy sharoiti, konturlari, tuprog‘i, ulardagi o‘simliklar xilma-xilligi, miqdori va suv bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash talab etilmoqda.

Bugungi kunda 4,2 million gektar yaylovda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazilib, degradatsiyaga uchragan maydonlarning xaritalari tayyorlangan hamda 420 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Suv bilan ta’minlanmagan 144 ming gektar yaylovda chorva mollarini boqish imkoniyati yaratilgan. 2022–2023 yillarda shaxtali va tik quduqlar qazish, nasos stansiyalarini yangidan qurish hamda rekonstruksiya qilishga 40 milliard so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Senatorlar olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda yaylov yerlaridan samarali foydalanish, ularni nazorat qilish va degradatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ayrim hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar dolzarbligicha qolayotganini ta’kidladi.

Jumladan, respublikaning 21 million gektar maydonini egallagan yaylovlarning 50 foizidan ortig‘i turli darajada inqirozga uchragani, 11 million gektar yaylovning tabiiy ravishda yem-xashak hosil qilish salohiyati pasayib, yaroqsiz holatga kelib qolgani ta’kidlandi.

Yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqish tizimi yetarli darajada joriy etilmagani va chorva mollari sonining keskin ortgani bois yaylov yerlari katta bosim ostida qolgan. Buning oqibatida ozuqabop yem-xashak o‘simlik turlari siyraklashib, yo‘qolib ketish darajasiga yetgani qayd etildi.

Yaylovlardagi o‘simliklar qoplamining hozirgi holati va degradatsiya jarayonlarini, yaylovlarning xo‘jalik imkoniyatlarini o‘rganish va shu asosda yaylovlardan oqilona foydalanish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmayapti.

Sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagani bois kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Cho‘l va yarim cho‘l hududlarida ixota daraxtzorlarini barpo etish, inqirozga uchragan yaylov maydonlarini qayta tiklash ishlari amalga oshirilmagani tufayli shamol ta’sirida tuproq eroziyasi kuchayib, chang-to‘zonlarning hosil bo‘lish jadalligi ortib bormoqda.

Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Hukumatga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida Senatning qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA