IQAir Havo sifati indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxti havo ifloslanishi bo‘yicha dunyo shaharlari reytingida birinchi o‘ntalikka chiqdi. Ushbu reyting ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent havosidagi konsentratsiya PM2.5 (mayda dispers chang zarrachalari) Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan normadan 8-10 baravarga ko‘proqdir. Bunday havo zaif guruhlar uchun zararli hisoblanadi. Shu bois, mutaxassislar tomonidan ko‘chalarda niqob taqib yurish va oynalarni yopish tavsiya etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ham poytaxtdagi havoning ifloslanishi eng asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Bugungi videolavhada deputatlar va fraksiya rahbarlarining respublika shu jumladan Toshkent shahri havosi ifloslanishi yuzasidan aniq masalani ko‘ndalang qo‘yishayotganini kuzatishingiz mumkin. O‘tkazilgan yalpi majlis avvalida deputat O‘ktam Islomov atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining axborotini eshitish taklifini bildirdi.

Deputat taklifi barcha fraksiya vakillari tomonidan bir ovozda qo‘llab-quvvatlandi. Ayniqsa “Adolat”sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Zuxra Ibroximovaning fikri ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilxom Abdullayevning ta’kidlashicha, Qonunchilik palatasi hisobotni tinglashdan tashqari, prezidentga hukumat a’zolarini iste’foga chiqarishning maqsadga muvofiqligi, shaxslarni javobgarlikka tortish va hukumat a’zolarini iste’foga chiqarish bo‘yicha ham taklif berishga haqli ekanligi alohida eslatib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Xayrullo G‘afforovning qayd qilishicha, tinglovni “ko‘rgazma uchun” o‘tkazish rejalashtirilmagan. Fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishida olimlarning fikr-mulohazalari tinglanib, muammoni joyida o‘rganadigan ishchi guruh ham tuzilgan.

Yig‘ilish yakunida kelgusi yalpi majlisda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovni O‘zbekistonda, jumladan, Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida hisob berishi uchun chaqirtirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, Toshkent havosining iflosligiga eng katta sabab avtomobillardan o‘ta keng foydalanish bo‘lib qolmoqda. Poytaxt ko‘chalaridagi mashinalarning ko‘pchiligi eskirgan. Ularning ba’zilari Sovet Ittifoqi davridan qolgan, zamonaviy mashinalarga qaraganda ko‘proq zaharli tutun chiqaruvchi eski motorlarga ega, deyiladi tashkilot hisobotida.

Havoning ifloslanishiga yana bir katta sabab deya Toshkentdagi korxonalar, quvvat stansiyalari va boshqa sanoat inshootlaridan chiqadigan chiqindilar qayd etildi. Bundan tashqari, Toshkentda ko‘mir va boshqa qazilma materiallar yoqilishi tumanga sabab bo‘lmoqda.

Kuzatuvchilar oxirgi yillarda Toshkentda ko‘lami keskin oshgan quruvchilik hosil qiluvchi chang, yashil hududlarning kamayishi, hamda iqlim isishi tufayli paydo bo‘lgan chang bo‘ronlari ham havo darajasini yomonlashtirganini alohida ta’kidlashmoqda.

Ifloslangan havo keltirib chiqaradigan kasalliklarning ba’zilari qisqa muddatli yoki o‘tkir muammolarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, pnevmoniya, bronxit, amfizem va astma xurujlari kabi nafas olish kasalliklari, shuningdek o‘pka to‘qimalarining chandiqlari va keyinchalik uning to‘liq faoliyatining pasayishi xavfi tug‘iladi.

Ko‘rib turganingizdek, ushbu muammo har birimizga tegishli, chunki  uning oqibatlari oilamizga, farzandlarimizga ta’sir qiladi. Bizni kuzatishda davom eting. O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.

M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA