O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘rgatishni nazarda tutuvchi “O‘zbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasi tashkil etiladi.

Yurtimizning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganishga qiziqish yuqori bo‘lgan xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2024 yil yakuniga qadar xorijdagi o‘zbek milliy madaniy markazlari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslarini tashkil etish hamda ularda mashg‘ulotlar muntazam olib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur qaror bilan Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib etish ishlarini tashkil qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tarkibi;

O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Ishchi guruhning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini tashkil qilish hamda rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;

Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq masalalarni tezkor ko‘rib chiqish va hal qilish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlash va ularning bajarilishini ta’minlash;

Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar smetasini hamda ular faoliyatini moliyalashtirish manbalarini tasdiqlash va taqsimlash;

xorijiy davlatlardagi ta’lim va ilmiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib borish va ularda markazlar va kafedralar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Platformani ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi hisoblanadi, uning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi va takomillashtirib boradi;

Platformani ishlab chiqish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

Platformaning eng ilg‘or ta’lim internet platformalari bilan integratsiya qilinishi ta’minlanadi;

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Platforma orqali ta’lim berishni tashkil qilib boradi;

Turizm qo‘mitasi Platformaga zarur ma’lumotlar joylashtirilishi va yangilab borilishini muvofiqlashtiradi;

Platformada ta’lim oluvchilarga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari hamda Fanlar akademiyasining Tarix instituti O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti ilmiy xodimlari tomonidan masofaviy (onlayn) dars berish, shuningdek, ta’lim oluvchilar uchun Platforma orqali masofaviy (onlayn) imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi.

Qarorda 2026 yil 1 martga qadar birinchi navbatda AQSH, Rossiya, Qozog‘iston, Fransiya, Turkiya, Misr, Koreya, Hindiston va Xitoydagi ta’lim va ilmiy tashkilotlarda markazlar va kafedralar faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Platforma, markazlar va kafedralarni O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyoti hamda madaniy meros bo‘yicha elektron, bosma kitob va adabiyotlar bilan boyitib boriladi. Shuningdek, o‘zbek kino san’atining shakllanish tarixi va rivojlanish jarayonlari haqida materiallar hamda atoqli kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan eng sara filmlar (ingliz va rus tillaridagi subtitrlari bilan), milliy musiqa va raqs san’atini namoyish qiluvchi audio va video darsliklar, xorijiy davlatlar fuqarolari uchun O‘zbekiston tarixi, madaniyati va san’ati, o‘zbek tili va adabiyotiga oid o‘quv qo‘llanma va darsliklar, adabiyotlarning elektron shakli Platformaga joylashtirib boriladi.

Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 2024 yil 1 maydan boshlab Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralarini O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotiga oid o‘quv qo‘llanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan quyidagi miqdorlarda ta’minlash tizimi yo‘lga quyiladi:

200 ta – o‘zbek tilini o‘rganish uchun;

100 ta – o‘zbek adabiyotini o‘rganish uchun;

100 ta – O‘zbekistan madaniyatini o‘rganish uchun;

100 ta – O‘zbekistan tarixini o‘rganish uchun;

20 ta – madaniy meros va turizmni o‘rganish uchun.

O‘zA