Amir Temur tomonidan tayyorlatilgan 11 tonnalik bitikli tosh

Vatanimiz tarixidagi 18 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1834 yil – hijriy 1249 yil ramazon oyining yettinchi kuni seshanbada (milodiy 1834 yil 18 yanvarda) Xalifa Husayn ibn Yusuf al-Buxoriy 82 yoshida (milodiy 80 yoshida) vafot etdi. Tarixchi Abdusattor Jumanazarning qayd etishicha, Xalifa Husayn Qavola darvozasi tashqarisida, uning janubi-g‘arbiy tomonida joylashgan Shanba mozor nomi bilan ataladigan Xoja Zarpo‘sh va Xoja Namadpo‘sh qabristoniga dafn qilingan.

Asli turkistonlik bo‘lgan Xalifa Husayn ilm olish maqsadida avval Buxoroga keladi, bu yerdagi ustozi vafotidan so‘ng Samarqandga borib tahsil oladi. U Samarqandda uzoq vaqt yashaydi. Samarqandda bir madrasa va xonaqoh qurdiradi. Buxoro amiri Haydar zamonida Buxoroga kelib yashay boshlaydi. Bu yerda kechgan yetti yillik umri davomida mazkur guzarda ham bir madrasa va xonaqoh bino qildiradi. Ular XX asrning ikkinchi yarmida butunlay buzib yuborilgan.

1886 yil – Samarqand irrigatsiyasi bo‘limining boshlig‘i Z.Jijemskiy Buxoro vohasining suv ta’minotini yaxshilash to‘g‘risida maxsus yozma ma’ruza tayyorlab, uni Samarqand ma’muriyatiga yo‘lladi. Rus irrigatori bu yozma ma’ruzada quyi Zarafshondagi suv muammosini hal qilish uchun Amudaryodan Buxoroga suv chiqarish bilan bir qatorda, Zarafshon daryosidan Buxoro xonligiga tashlanadigan ortiqcha suvlarni jamg‘arish va vegetatsiya davri (o‘simlik urug‘ining unib chiqishidan boshlab hosil yig‘ilgungacha bo‘lgan zaruriy davr)da ulardan sug‘orish ishlarida foydalanish g‘oyasini bayon etgan.

1913 yil – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Malik Nabiyev tavallud topdi (vafoti 1992 yil).

1919 yil – Samarqand okrug xalq sudi tashkil topdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, shu yilning 1 avgustidan yagona xalq sudlariga o‘tilishi munosabati bilan viloyatda 55 ta xalq sudi tashkil etish ko‘zda tutilgan edi, biroq ulardan bor-yo‘g‘i 24 tasi ish yuritdi.

Tarixchi Dilshod Komolovning yozishicha, qolgan sudlar mutaxassis yo‘qligi yoki mablag‘ yetishmasligi sabab tashkil topmagan. Natijada sudyalik lavozimini sobiq adliya xodimlari egallagan. Ya’ni, rus sudyasi etib sobiq imperiya sudyalari, musulmon sudyasi etib esa qozilar saylangan.
1937 yil – Markaziy Qozog‘istondagi Ulug‘tog‘ hududidan Amir Temurning Dashti Qipchoqqa yurishi davrida uyg‘ur yozuvida chig‘atoy (turkiy) tilidagi bitikli tosh o‘rnatgan yodgorlik minorasi topildi. Mazkur bitikli toshning og‘irligi 11 tonna 200 kilogramm bo‘lib, hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.

Manbalarda qayd etilishicha, 1391 yilda Dashti Qipchoqqa otlangan Amir Temur ikki kecha-kunduz yo‘l yurib toliqqan qo‘shinni Ulug‘tog‘ (hozirgi Qozog‘istondagi Qarsaqpay koni yaqinidagi Oltin cho‘ku nomli tog‘) yonbag‘riga hordiq olish uchun tushiradi. O‘zi esa xoslari hamrohligida tog‘ tepasiga chiqib, tevarak-atrofga, yastanib yotgan dashtga nazar tashlaydi va bu yerda mazkur yurish haqida xotira qoldirishga qaror qiladi. Farmoni oliyga ko‘ra, jangchilar atrofdan xarsang toshlar tashib kelib, belgilangan joyga to‘playdilar. Usta sangtaroshlar ishga tushib, Sohibqironning To‘xtamishxonga qarshi qo‘shin tortib, ushbu mavzega yetganligi tarixini toshga bitadilar.

Turkiy yozuvda naqsh qilingan xotiraning matni quyidagicha: “Tarix yetti yuz to‘qson uchta, qo‘y yil yozning ora oy Turonning sultoni Temurbek ikki yuz ming cherik bila islom uchun To‘xtamishxonni(ng) xonig‘a yuridi. Bu yerga yetib, belgu bo‘lsun teb bu yo‘bani qo‘pardi. Tangri nisfat bergay, Inshaolloh. Tangri el kishiga rahmat qilgay, Bizni duo bila yod qilg‘ay”.

2019 yil – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida «Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zA