Shu kunlarda Shveysariyaning Davos shahrida Jahon iqtisodiy anjumani (World Economic Forum) bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir davlat-xususiy hamkorlik xalqaro tashkiloti formatida tashkillashtirilgan.
Tarixga nazar
1971 yil yanvar oyida Jeneva universiteti professori Klaus Shvab jahon bozorida Yevropa biznesining rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun Shveysariyadagi yetakchi ishbilarmonlar va siyosatchilarni birinchi marta to‘plaganidan boshlangan. Mazkur anjuman tarixi ayni shu kundan boshlangan. Dastlab bunday yillik yig‘ilishlar “Yevropa menejmenti forumi” deb nomlangan va forum ishtirokchilari doirasi g‘arbiy yevropaliklar bilan cheklangan edi. Yillar davomida mavzular asta-sekin kengayib, siyosiy va iqtisodiy masalalarni, ilmiy-texnikaviy taraqqiyot natijalarini, rivojlanayotgan mamlakatlarning qarz muammolarini qamray boshladi.
1974 yil yanvar oyida birinchi marta Davosga siyosiy rahbarlar ham taklif qilindi. 1976 yilga kelib esa forum ilk bor doimiy a’zolik tizimini joriy qildi. Oradan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tib, aniqrog‘i 1987 yildan boshlab yig‘ilishlar Jahon Iqtisodiy Forumi, deb nomlandi. Bu shubhasiz anjumanning ortib borayotgan global ahamiyatini aks ettira boshlaganidan dalolat edi.
Hamkorlar haqida
Jahon iqtisodiy forumining hamkorlari jahonning yetakchi kompaniyalari hisoblanadi. Asosiy hamkorlar qatoriga ABB, Nestlé, Barclays, Credit Suisse, Deloitte, Deutsche Bank va Google kabi 100 ga yaqin yirik transmilliy korporatsiyalarning tanlangan guruhi kiradi. Ular kun tartibini belgilaydi va moliyalashtirishning asosiy qismi shular hissasiga to‘g‘ri keladi. Forumning asoschisi va doimiy rahbari Jeneva universiteti professori Klaus Shvabdir. Tashkilotning bosh qarorgohi Jenevada joylashgan.
Anjumanning asosiy voqealari an’anaviy ravishda Davos tog‘-chang‘i kurortida o‘tkaziladigan yillik yig‘ilishlardan boshlanadi.
Ko‘riladigan masalalar
Davos forumida zamonamizning asosiy masalalari, iqtisodiy rivojlanish istiqbollari, barqarorlik va tinchlikni mustahkamlash, “qaynoq nuqtalar”dagi vaziyat norasmiy sharoitda muhokama qilinib kelinadi. Shuni ham ta’kidlash joizki, anjuman anchayin murakkab tashkiliy va boshqaruv tuzilmaga ega. Vasiylik kengashi forumning missiyasi va qadriyatlarining qo‘riqchisi bo‘lib xizmat qiladi. Uning tarkibi ishbilarmon doiralar vakillari hamda xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati rahbarlari o‘rtasida teng taqsimlangan. Vasiylik kengashini ham Klaus Shvab boshqaradi.
Forum prezidenti Borge Brende raislik qiladigan Kengash Butunjahon iqtisodiy forumining ijro etuvchi organi sifatida faoliyat yuritmoqda. Kengash forum uchun jamoaviy javobgarlikka ega va Vasiylik kengashiga hisobot beradi.
Faoliyat boshqaruvi 60 dan ortiq davlat vakillarini o‘z ichiga olgan ijroiya qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi.
WEF tuzilmasi uchta markazdan, ya’ni, global, mintaqaviy va tarmoq kun tartibidan iborat. Tashkilot shuningdek, san’at va madaniyat, fuqarolik jamiyati, universitet rahbarlarining global forumi, korrupsiyaga qarshi hamkorlik tashabbusi, jahon yosh liderlari forumi va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Har yili mazkur tashkilot “Global tahdidlar haqidagi ma’ruza” (The Global Risks Report), “Global gender tengsizligi” (The Global Gender Gap Report), “Global tahdidlar” (Global Risks Report) va boshqa bir qator masalalarda hisobotlar va reytinglarni e’lon qilib keladi.
2022 yilning mart oyida Davos forumi Rossiya tashkilotlari bilan munosabatlarni “muzlatdi”.
COVID-19 cheklovlari bekor qilingandan so‘ng
2023 yil 16-23 yanvar kunlari COVID-19 pandemiyasi tufayli ikki yillik cheklovlardan keyin Jahon iqtisodiy forumi yana an’anaviy formatga qaytgan edi. Ushbu tadbir eng ko‘p siyosatchilar va ishbilarmonlar ishtirok etgani bilan tarixda qoladigan bo‘ldi. Misol uchun mehmonlar tarkibida 50 nafar hukumat rahbari, 56 nafar moliya vaziri, 19 nafar markaziy bank rahbari va 35 nafar tashqi ishlar vazirlari bor edi.
Forumda AQSH prezidenti Jozef Bayden ma’muriyatidan iqlim kun tartibi uchun mas’ul Jon Kerri va AQSH Savdo vakili Ketrin Tay ishtirok etdi. Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Lyu Xe boshchiligidagi delegatsiyani yubordi. Bundan tashqari, Jahon iqtisodiy anjumani qatnashchilari orasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva, Yevropa Markaziy banki raisi Kristin Lagard va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen ham bor edi.
Genri Kissinjerning nutqi asosiy hisoblangan mazkur forumda markaziy o‘rinni egallagan siyosiy mavzulardan tashqari, ishtirokchilar 2022 yilda jahon iqtisodiyotiga u yoki bu tarzda ta’sir ko‘rsatgan voqealar, masalan, energiya inqirozi va unga qarshi sanksiyalarni muhokama qildilar. Muhokamada Rossiya, Xitoyda pandemiyaning avj olishi hamda Xitoy iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashuvi, energiya resurslari va xomashyo bozorlarini qayta formatlash kabi masalalar ham joy olgan edi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda turli xalqaro tadbirlarda muntazam ravishda iqlim va demografik muammolar ham muhokama qilinmoqda. Davos anjumani ham bundan mustasno emas, albatta. 2024 yil 15-19 yanvar kunlari “Ishonchni tiklash”ga bag‘ishlanadigan bu galgi Jahon iqtisodiy forumida mazkur masala ham ko‘tarilishi kutilmoqda.
S.Rahimov, O‘zA