Kecha Xalqaro sud Janubiy Afrika Respublikasining G‘azo sektoridagi ehtimoliy genotsid bo‘yicha Isroilga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishni boshladi.
Sud majlisida “Anadolu” axborot agentligi fotosuratlari bu da’voga dalil sifatida taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi.
Ushbu fotosuratlar Janubiy Afrika Respublikasi advokatlaridan biri Adil Xassimning nutqi vaqtida namoyish etilgan. “Anadolu” fotomuxbiri Fadi Alvidi tomonidan olingan kadrlarda 23 dekabr kuni Falastin fuqarolik mudofaa kuchlari tomonidan vayronalar ostidan topilgan jasadlar G‘azo sektoridagi ommaviy qabrga dafn etilayotgani aks etgan.
“Anadolu” fotomuxbiri Muhammad Fayk tomonidan olingan suratda esa Fatayer oilasining jasadlari qabristonlarda joy yetishmagani uchun G‘azodagi ommaviy qabristonga dafn etilgani tasvirlangan. Sud majlisida Janubiy Afrika Respublikasi da’vosini himoya qilgan advokatlar Isroilni G‘azo xalqiga qarshi qasddan o‘zining genotsid niyatini ko‘rsatuvchi harakatlar sodir etganlikda ayblamoqda.
Ma’lumki, 2023 yil 29 dekabrda Janubiy Afrika genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani buzganligi uchun Isroilga qarshi Xalqaro sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan edi. Da’voga ko‘ra, Xalqaro sud Isroilga G‘azo sektoriga hujumlarni vaqtinchalik to‘xtatish uchun buyruq berishi mumkin, deyilmoqda.
Janubiy Afrikadan kelgan advokatlar 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida o‘z da’volarini sudyalar oldida isbotlashga harakat qildi. Bugun esa isroillik huquqbonlar Tel-Avivga qarshi bunday choralar ko‘rilmasligi uchun ishonchli dalillarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Nima deb o‘ylaysiz, ular bunday dalillarni keltira olishadimi? Sud jarayonlarini kuzatishda davom etamiz. Bu orada BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ham jurnalistlar bilan uchrashuvida Bosh kotib Antoniu Guterrish bu ishning borishini diqqat bilan kuzatayotganini bildirib, “Bosh kotib sudlarning mustaqilligini, ularning ishlari va qarorlarini to‘liq hurmat qiladi”, – degan.
Xullas, Janubiy Afrika vaziyatning dolzarbligi sababli Xalqaro sudga murojaat qildi, tinglovlar yakunlangach, sud qarorni muhokama qilishi, tomonlarning bayonotlari va dalillarini o‘rganishni boshlaydi.
K.Bekjonov, O‘zA