“Bloomberg” tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday o‘zgarishlarning umumiy zarari jahon iqtisodiyoti uchun taxminan 10 trillion dollarga tushadi. Bu miqdor oldida Ukrainadagi mojaro, COVID-19 pandemiyasi va global moliyaviy inqirozning iqtisodiy oqibatlari “juda kichkina” bo‘lib ko‘rinadi.

Bunday keng ko‘lamli ta’sirning sababi Tayvanning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi o‘rinni egallashidadir, deydi ekspertlar.

Tayvan mikro chiplari ishlab chiqaruvchi “TSMC” kompaniyasining atigi 20 ta yirik mijozlarining umumiy bozor kapitallashuvi 7,4 trillion dollarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, Tayvan bo‘g‘ozi dunyoning eng muhim savdo yo‘llaridan biri sanaladi.

“Bloomberg” ekspertlarining fikricha, AQSH ishtirokida harbiy ssenariy yuzaga kelsa, orol yalpi ichki mahsuloti 40 foizga, Xitoyniki esa 16,7 foizga qisqaradi. AQSH iqtisodiyoti 6,7 foizga, jahon yalpi ichki mahsuloti esa 10,2 foizga kamayadi. Bu holatda ayniqsa, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlari eng katta zarar ko‘radi.

Agar harbiy harakatlar bo‘lmasa, Tayvan XXR tomonidan qamal qilinsa,  orol yalpi ichki mahsuloti 12,2 foizga, Xitoyniki  8,9 foizga, AQSHniki  3, foizga kamayar ekan. Bu albatta jahon iqtisodiyotida ham 5 foizlik yo‘qotishga sabab bo‘ladi.

Ikki og‘iz Tayvan haqida: 1949 yilda Chang Kay-Shi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan  fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin Tayvan oroliga qochib o‘tadi va o‘z ma’muriyatini tuzadi.

O‘shandan buyon orol  poytaxti Taypeyda kommunistlar hokimiyat tepasiga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlari saqlanib qolgan.

Ko‘pgina davlatlar Pekin tutgan pozitsiyaga amal qilgan holda orolni XXR hududi, ya’ni,  viloyatlaridan biri deb hisoblaydi.

Qo‘shma Shtatlar Tayvan bilan diplomatik aloqalarni 1979 yilda uzib, Xitoy Xalq Respublikasi bilan o‘rnatgan. Vashington “Yagona Xitoy” siyosatini tan olishi bilan bir qatorda Taypey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirib kelmoqda. Orol AQSH tomonidan qurol-yarog‘ bilan ta’minlanmoqda.

2022 yil avgust oyida AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi katta siyosiy mojarolarga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng Pekin va Vashington o‘rtasidagi aloqalar keskin yomonlashdi va mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi muloqot amalda to‘xtatildi. Shundan buyon ikki qudratli davlat o‘rtasidagi munosabatlar unchalik yaxshi emas deb kelinadi.

 

Saidmurod Rahimov, O‘zA