Ammo bu jarayon inson huquqlariga zid bo‘lmasligi kerak, demoqda BMT ekspertlari. Yakuniga yetgan yilda sun’iy intellekt texnologiyalarining yangi avlodi dunyoga keldi. Ayniqsa, “dipfeyk”, ya’ni neyrotarmoqlar yordamida tayyorlanadigan va asliyatdagidan deyarli farqlab bo‘lmaydigan foto, audio va videomateriallar yaratishga hamda ovozni klonlashtirishga qodir o‘ta zamonaviy texnologiya vositalari o‘zining takomillashuv cho‘qqisiga chiqdi.

Sun’iy intellekt qanday olamshumul darajada rivojlanayotgan bo‘lsa, o‘z navbatida, uni tartibga solishga qaratilgan chaqiriqlar ham shunday ko‘lamda izchil ortmoqda. BMTning yangi tashkil topgan tuzilmasi – Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatlashuv organi ayni shu masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

Mazkur tashkilot 2023 yil dekabr oyida dastlabki oraliq hisobotini taqdim etdi. Maslahatlashuv organi ekspertlarining fikricha, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan faqat aholining muayyan guruhlarigina emas, balki aholining barcha qatlamlari foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi darkor.

Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatlashuv organi jamoasi 38 nafar mutaxassisdan iborat bo‘lib, asosan xususiy sektor, davlat idoralari va ilmiy doiralar namoyandalarini o‘zida qamragan. Maslahatlashuv organi hamraisi Karme Artigas, “UN News Service” e’tirof etganidek, sun’iy intellekt sohasidagi eng yetakchi mutaxassislardan biridir.

Sun’iy intellekt – axborot tarqatish sohasida do‘stmi yoki dushman? Ayni savolga javoblar nihoyatda xilma-xil va bir-biriga zid.

“BMT shu kabi turlicha qarashlarni umumlashtirishga layoqatli bo‘lgan global darajadagi yagona nufuzli tashkilot, – deydi Karme Artigas. – BMTga a’zo davlatlar sun’iy intellekt afzalliklarini bir ovozdan tan olgan. Bunda ushbu sohani rivojlantirish borasida global ko‘lamda ortda qolib ketmaslik va sun’iy intellekt insonlarga foyda keltirishini kafolatlash zarurligiga e’tibor qaratilgani, shuningdek, sun’iy intellektni innovatsiyalar rivojiga to‘siq bo‘lmaydigan hamda insonning asosiy huquqlariga tahdid solmaydigan tarzda tartibga solish borasida yakdil fikrga kelingani juda muhim”.

BMT ekspertining ta’kidlashicha, sun’iy intellekt demokratiyani rag‘batlantirishning eng muhim vositasiga aylanish imkoniga ega. Chunki u orqali insoniyat asrlar davomida to‘plagan behisob bilimlardan barcha birdek foydalana oladi.

Qolaversa, sun’iy intellekt sog‘liqni saqlash sohasiga juda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, kasalliklarning oldini olish, murakkab xastaliklarga aniq tashxis qo‘yish va bu jarayonlarga sarflanadigan xarajatlarni keskin kamaytirishda beminnat ko‘makchi sifatida maydonga chiqadi.

Shu bilan birga, sun’iy intellektni tanqid qiluvchilar fikricha, ayni sohadagi texnologiyalar taraqqiyoti internetdagi shusiz ham og‘ir vaziyat yanada yomonlashishiga, ya’ni, odamlar osongina ishonadigan g‘irt yolg‘on axborot hajmining haddan ortiq ko‘payishiga olib keladi. Buning oqibatida jamoatchilikning yangiliklar va axborotga bo‘lgan ishonchiga uzil-kesil putur yetadi.

Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatlashuv organi hamraisi K.Artigas ayni muammolar yuzasidan global ko‘lamda muloqotlashuv yo‘lga qo‘yilgani unga katta ishonch bag‘ishlayotgani va dalda bo‘layotganini aytadi. Uning fikriga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari zimmasida bu borada ulkan mas’uliyat turibdi: ular o‘zlarining “to‘rtinchi hokimiyat” maqomini tiklashlari shart.

Bunday dolzarb talabning kun tartibiga qo‘yilayotgani bejiz emas. Nega deganda, yangiliklarning to‘g‘ri-noto‘g‘rligini turli usullar bilan aniqlash mumkin. Lekin bu ish bilan aynan o‘z kasbining haqiqiy egalari xizmat qiladigan ommaviy axborot vositalari – jiddiy media-tashkilotlar shug‘ullanishiga nima yetsin.

Internet materiallari asosida G‘ulom Mirzo tayyorladi.

O‘zA