So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimizning yoshlarga alohida e’tibori, yuksak ishonchi va otalarcha g‘amxo‘rligi natijasida yoshlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Uchrashuvni tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizda yoshlar siyosati bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, har bir yoshning fikri va takliflarini, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz yoshlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator farmon va qarorlarning qabul qilingani, o‘tgan qisqa vaqt ichida shahar va tumanlarda faol yosh oilalar uchun Yoshlar uylarining topshirilganligi, bilimli, ziyrak va iqtidorli yoshlarimiz uchun zamonaviy ta’lim maskanlarining ochilishi, yoshlarga tadbirkorlik dasturi bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar berilayotgani, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarda yoshlarimizning moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi, oliy ta’lim muassasalarida qizlar uchun qo‘shimcha imtiyozlarning berilgani shular jumlasidandir. Albatta, ertamiz egalari va Uchinchi Renessans bunyodkorlari hisoblangan yoshlarga bugun katta e’tibor berilib, ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ochiq suhbat shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar tomonidan mamlakatimizning rivoji yo‘lidagi bir qancha yangi g‘oya va dasturlar loyihalari taqdim etildi. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi yoshlarning barcha tashabbuslarini qo‘llab- quvvatlashini alohida ta’kidladi.

Uchrashuv davomida shahar va tumanlar mahallalaridagi yoshlar bilan hamkorlik qilishda faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh yoshlar yetakchilari taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri