Janubiy Qozog‘iston oblasti markazi Chimkent shahrida kuniga 20 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi temiryo‘l vokzali quriladi.
QazAqparat xabariga ko‘ra, “G‘arbiy Yevropa – G‘arbiy Xitoy” xalqaro avtomobil koridori yaqinida quriladigan vokzalning umumiy maydoni 16 gektarni tashkil etadi. Loyihada mehmonxona, vokzal ma’muriy binosi, 1000 avtomobilga mo‘ljallangan turargoh barpo etish ko‘zda tutilgan.
Loyiha rahbari zamonaviy vokzal 2020 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Mutaxassislar yangi vokzal qurilishi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatining oshishi, hududga sayyohlar oqimi ko‘payishiga xizmat qilishiga ishonch bildirmoqda.
Janubiy Qozog‘iston oblasti hokimi tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlariga loyihani amalga oshirish uchun harakatlarni boshlashni topshirgan.
O‘zA