Orol – bugunning, ertaning dardi

Umumiy dardimiz…

Orolqumda yashovchi bolaning bobosi ertak aytdi. Bir vaqtlar to‘lib-toshib turgan dengiz haqida. Endi bola chelakda suv ko‘tarib, Orolning qumga to‘lgan bag‘riga suv quyar, mitti yurak orzulari esa uni uyg‘otolmasdi. Bir chelak suv bola ko‘ngliga, uning daryo-daryo orzulari esa Orolga umid berdi. Kun sayin bepoyon kenglikka aylanib borayotgan Orol bag‘ri quriy boshladi, bola umidlari so‘na boshladi. U kelajakda dengizchi bo‘lmoqchi edi…

O‘rozboy Abdurahmonovning “Orol qanday quridi” nomli kitobida shunday so‘zlar keltirilgan: “Dengiz qirg‘og‘idan tobora olislab borayotgan oq kemani ko‘rganmisiz? Xayrlashayotib yuraklarda ayriliq tuyg‘ulari naqadar jo‘shadi. Keling, yana bir bor ko‘z oldingizga keltiring, oq kema qirg‘oqdan olislab ketmay, aksincha dengizning o‘zi oq kemani qirg‘oqda yetim qoldirib, suvlari tortilib, ko‘z oldingizda g‘oyib bo‘ladi…”

Bizga o‘tilayotgan darslar ichida ekologiya fani bor. Tabiatni asrash haqidagi fan. Atrof-muhitning ifloslanishi, mahalliy, mintaqaviy, global muammolar… barini yil davomida o‘rganib bordik. Ularning ichida Orol dengizi muammosi – umumiy dardimiz edi.

Orol haqida yozish odamni o‘yga toldiradi. Qani edi qog‘oz qoralash bilan u suvga to‘lsa, qaytadan to‘lqinlar mavjlansa, o‘sha biz sog‘ingan oq kemalarning yelkanlari yana ko‘tarilsa…

24.jpg

Orol… Ko‘z oldingda yo‘qolib borayotgan bebaho xazina. To‘rt tomoni cho‘l, to‘rt tomoni quyoshdan tovlanib turuvchi qum zarralari. Cho‘lda ketayotgan odamning joniga oro kiruvchi ham mana shu dengiz shabadasi. Unga keladigan, uning bag‘rini to‘ldirib turadigan najot esa Amudaryo va Sirdaryo.

Orolning tarixini bilmagan kim bor, uning o‘tmishidan kim bexabar?! Yaraga tuz sepgani kabi bir seskanadi kishi. Lekin aynan mana shu o‘tmish dengiz nomini o‘zgartirdi, aynan mana shu tuzlar dengiz bag‘rini suv o‘rniga to‘ldirdi.

Oltmishinchi yillardan boshlab Orol bizdan uzoqlasha boshladi. Ikki daryoning suvi hisobsiz sug‘orishga sarflandi.

1989yiliOrolning bag‘ri, qoraqalpog‘istonliklarning esa yuragiikkiga– katta va kichik Orolga bo‘lindi.

Orolbo‘yi aholisi erta tongdan yuzlariga shamol keltirgan tuz bilan uyg‘onishdi, hayvonot olami tuzlanish degan kasallikdan yo‘q bo‘la boshladi. Chunki giyohlarning yaproqlarida tomchi shudringlar o‘rniga tuzlar qo‘nim topdi, endi dengizning mayin va sof shabadasi sog‘inchli o‘tmishga aylandi, avvalgi to‘lqinlar ovozini sukunat egalladi.

Odamlar dengiz quridi emas, u ketib qoldi, bizni tashlab ketib qoldi, deya ta’kidlashardi. Dengiz – bu xalqning noni edi!

Kelajakni asrash

Bir necha yil avval mutaxassislar tomonidan shaharlar bo‘yicha bir kunda necha litr suv ishlatilishi bo‘yicha hisob-kitoblar olib borildi. “Moskvada 150 litr,Berlinda 200 litr, Toshkentda esa 700 litr”. Ajab… Bu har bir odam boshiga bir sutkalik suv sarfi. Lekin aslida bunday hisob-kitoblarda o‘rtacha natija olinadi… Orolbo‘yi xalqlarining ko‘rsatkichi atigi 5 litr… Bu Orolga xiyonatdek tuyuldi, nazarimda.

2017 yil may oyi natijalarga ko‘ra, yurtimizda yerosti suvlarining yarmidan ko‘pi tugash xavfi ostida ekanligi e’lon qilindi. Yer ustidagi dengizimizning ketib qolishi, yer osti suvlarimizning tobora kamayib borishi – nafaqat tabiatga, balki kelajakka ham xiyonat emasmikan?Buning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi “2017-2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolanganligi ko‘ngilga taskin beradi, xalqimizga odamlarimizga yana bir mas’uliyat yuklaydi. Axir suvni asrash bu kelajakni asrash, degani.

 
Mo‘ynoq kutgan kunlar…

2017-yilning 1 iyulida Mo‘ynoqqa “Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq magistral suv tarmog‘i” yetib keldi. Barchamizga ma’lum, Prezidentimiz tomonidan 2017-2021 yillarga belgilangan Orolbo‘yi mintaqasini obodonlashtirish va Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha maxsus qarorlar qabul qilindi. Ular asosidaMo‘ynoq kutgan kunlar keldi, yangilanishlar, o‘zgarishlar yuz berdi. Besh oyda 101 kilometr yo‘l bosib kelgan quvur mo‘ynoqliklar uchun toza ichimlik suvini olib keldi, cheksiz quvonch va umid bag‘ishladi. U xuddiki Orolsiz bo‘shab qolgan yuraklarni to‘ldirdi, qalblarga daryo kabi tutashdi.

5c2faa2ae984655e5e34a87c1c1832f4_720x480.jpg
Orol mo‘jizasi

Yurtimizda qator jamg‘armalar, fondlar mavjud. Biz o‘ylaganimiz esa – “Orol mo‘jizasi” fondi. Har bir yurtdoshimizning hissasi, fidoyiligi, Orolga bo‘lgan daldasi aynan mana shu fondda yig‘ilsa… Toma-toma ko‘l bo‘lsa, Orol dengiz bo‘lsa… Bu chin ma’nodagi o‘zbek mo‘jizasi bo‘ladi!

“Orolning joni orolchalar qo‘lida,

Orolchalar esa odamlarning ko‘ksida,

Odamlarning ko‘ksi esa bir-biridan suv ichadi”, – degan edi shoir Muhammad Yusuf. Odamlarning ko‘ksi bir-biridan suv ichadi… Bir-biriga bo‘lgan mehrdan suv ichadi, endi Orolni ham aynan mana shu mehr bilan to‘ldirish, qaytarish, tiklash mumkin.

 
Zulxumor Orifjonova,
 
O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi.

 

O‘zA