Joriy yilning 28-may kuni (soat 16:00) Rossiya Federatsiyasida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning murojaatlarini inobatga olib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi onlayn muloqot o‘tkazadi.
Onlayn muloqotda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob beradi.
– Rossiya Federatsiyasidagi o‘zbekistonlik yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borib, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va hal qilish choralarini ko‘rish asosiy maqsadimiz, – dedi O‘zbekiston umumjahon yoshlar assotsiatsiyasi raisi Murodilla Alimboyev. – Ushbu onlayn muloqotda yoshlarimizning faol qatnashishini va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob olishini istar edik. Chunki biz xorijda o‘qiyotgan yoki ishlayotgan yoshlar hayotini o‘rgandik. Ular aksariyat hollarda qonunni yaxshi bilishmaydi. Buning natijasida ular ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Tashkil etilayotgan muloqotda chet elda o‘qish va ishlashning qonun-qoidalari va tartiblari haqida batafsil ma’lumot va tushunchalar beriladi.