O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda sudyalar, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Sudyalar assotsiatsiyasi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jamiyatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Shu asosda sud-huquq tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Fuqarolarning sudga murojaat qilish hamda sud orqali himoyalanish huquqlari yanada kengaytirildi.
Joriy yil 1 apreldan yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar kuchga kirdi. Ilg‘or xalqaro va milliy tajribani chuqur o‘rganish asosida ishlab chiqilgan ushbu hujjatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini zamonaviy mexanizmlar orqali kafolatli himoya qilish, sudlar faoliyati shaffofligi va ochiqligini ta’minlash uchun zarur huquqiy asos yaratdi.
Qayd etib o‘tilgan qonun hujjatlarini sudlar tomonidan bir xilda qo‘llash, bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirish – Oliy sud Plenumi tegishli qarorlarini qabul qilishni taqozo etdi. Shu sababdan Oliy sud tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan sud amaliyoti chuqur o‘rganildi va Oliy sud Plenumining qator qarorlari loyihalari ishlab chiqildi. “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “Ma’muriy ishlarni ko‘rishda birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qarorlar loyihalari shular jumlasidandir.
Plenum majlisida mazkur qarorlar loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Fuqarolik protsessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilingani hamda birinchi instansiya sudi tomonidan qonun normalari bir taxlitda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Ushbu qaror bilan sudlarning e’tibori protsessual normalarga rioya qilmaslik taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga olib kelishini inobatga olgan holda, fuqarolik ishlarini ko‘rishda fuqarolik protsessual qonun normalariga qat’iy rioya etish zarurligiga qaratilgan.
“Ma’muriy ishlarni ko‘rishda birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ma’muriy ishlarni yuritish bo‘yicha protsessual qonun normalarida belgilangan tartibga qat’iy rioya etish, ularni ko‘rib chiqish sifatini yaxshilash, har bir ish bo‘yicha qonuniy va asoslantirilgan qaror qabul qilishda muhim o‘rin tutadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan amaldagi Plenum qarorlariga zarur qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu jinoyat ishlarini to‘g‘ri malakalash, asosli va adolatli qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.
Majlisda muhokama etilgan yana bir masala – “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Plenum qarori loyihasi bo‘ldi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA