MIB inspektorlariga skuterlar berildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Majburiy ijro byurosi shahar va tuman bo‘limlari davlat inspektorlariga 28 skuter va respublika boshqarmasiga bitta zamonaviy avtomobil tantanali ravishda topshirildi.

– Bu mototexnika va avtotransport vositalari byuro davlat inspektorlarining mehnat faoliyatini yengillashtirish, ish unumdorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Jenis Yermashev. – Majburiy ijro byurosi faoliyati qisqa muddat ichida yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy binolar, kompyuter, mebel va boshqa moddiy-texnika jihozlari bilan ta’minlandi.

O‘tgan yil iyul oyida tabiiy gazdan to‘lov rejasi 165 foizga, avgust oyida 138 foizga bajarilgan. Joriy yilning I choragida elektr energiyasi uchun belgilangan 73,1 milliard, tabiiy gaz uchun belgilangan 105,4 milliard, suv ta’minoti uchun belgilangan 9,2 milliard so‘mlik reja bajarilgan.

12.jpg

Bunday ijobiy ko‘rsatkichlar yuqori baholanib, byuro faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, tuman va shahar bo‘limlariga yangi rusumdagi maxsus avtomototransport vositalari foydalanish uchun topshirildi.

Bugungi kunda byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi,tuman va shahar bo‘limlarida 700 dan ortiq shtat birligi ochilib, ular 100 foiz malakali kadrlar bilan ta’minlangan. Jumladan, 271 nafar davlat inspektori tunu kun xizmat qilmoqda. Ular belgilangan tartibda tasdiqlangan xizmat kiyimlari, ish yuzasidan hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida termoprinter, terminal uskunalari bilan to‘liq ta’minlangan.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Prezidentimizning o‘tgan yilgi maxsus farmon va qarorlari asosida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi ish boshlashi bilan to‘lov tizimi takomillashib, ko‘p miqdordagi qarzdorliklarkamaytirildi.

15.jpg

 

Anvar Nasirlayev, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA