Saudiya Arabistoni Podshohligi – Osiyoning janubi-g‘arbida joylashgan davlat. BMTga a’zo bu mamlakat Arabiston yarim orolining, taxminan, uchdan ikki qismiga va Qizil dengiz hamda Fors qo‘ltig‘idagi qator qirg‘oq bo‘yi orollariga egalik qiladi. Maydoni 2,25 million km². Aholisi salkam 35 million. Poytaxti Ar-Riyod shahri bo‘lgan o‘lka ma’muriy jihatdan 14 viloyatga bo‘lingan. Hududining aksariyat qismini lavali maydonlar, Nefud, Dahna, Rub’ul xolish nomli cho‘l kengliklari tashkil etadi.

Islom olamining muqaddas shaharlari – Makka, Madina va Jiddaga sayohat va ziyorat uchun keluvchilar qadami yil davomida uzilmaydi.

Bir-biridan uzoq joylashgan esa-da, O‘zbekiston va Saudiya Arabistonini uyg‘un tarix, mushtarak diniy-ma’rifiy qadriyatlar, mustahkam madaniy rishtalar bog‘lab turadi. Podshohlik davlatimiz mustaqilligini 1991 yil 30 dekabrda tan olgan. 1992 yil 20 fevral kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan. 1995 yil may oyida Ar-Riyodda O‘zbekiston elchixonasi, 1997 yil martda Toshkentda Saudiya Arabistoni elchixonasi faoliyat boshlagan. Ikki davlat xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida bir-birini faol qo‘llab-quvvatlab keladi.

Saudiya Arabistoni Podshohligining Hijoz mintaqasida Jidda shahri bor. Mazkur tarixiy hudud milodiy VII asrdan beri Makkaga eltuvchi Hind okeani savdo yo‘li uchun yirik port hisoblanadi. Ka’batullohni ziyorat qiluvchi musulmonlar uchun Makka darvozasi vazifasini o‘taydi.

Yaqinda Jiddada Islom hamkorlik tashkiloti Axborot agentliklari ittifoqi va Musulmonlar jahon ligasi hamkorligida “Ommaviy axborot vositalarida nafrat va zo‘ravonlik tarqalishi avj olishini kamaytirish” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi. Dunyoning 50 dan ziyod davlati axborot agentliklari vakillari, islom olamida mashhur ulamolar, vazirlar va siyosiy ekspertlar ishtirok etgan tadbir dasturi ochilish marosimi, to‘rt asosiy sessiya va yakuniy qismdan iborat edi.

Anjumanda so‘z olganlar bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan voqealarga, xususan, Yaqin sharqdagi tahlikali vaziyatga alohida to‘xtaldi.

– Media-axborot sohasi jamoatchilikni voqealardan vaqtida xabardor qilish borasida salmoqli potensialga egaligini e’tirof etgan holda, mazkur tarmoqda sezilarli bo‘shliqlar ham saqlanib qolayotganini ta’kidlash lozim, – deydi Eronning “IRNA” axborot agentligi Bosh direktori Ali Nodiriy O‘zA uchun bergan maxsus intervyusida. – Asosli tahliliy materiallar yetishmasligi media makonidagi turli shov-shuv, sensatsiya va feyk xabarlar ko‘payishiga olib keladi.

Sessiyalar muhokamasi markaziga “Xalqaro mediada axloqiy javobgarlik” mavzusi qo‘yilib, diniy va gumanitar masalalarni yoritishda jurnalistlar, OAV vakillarining axloqiy javobgarligi masalasi tahlil qilindi. Mutaxassislar hamkasblarimiz jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur his etgan holda, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish, his-tuyg‘uni boshqara olmaslik amaliyotidan qochishi zarurligiga urg‘u berildi. Munozarada Jazoir, Mavritaniya, Eron, Kuvayt, Iroq, Somali davlatlari ekspertlari qatori O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyati xodimlari ham faol ishtirok etdi.

Qizg‘in munozaraga boy kechgan muloqot davomida xalqaro masalalarni yoritishda tarafkashlikka yo‘l qo‘yilishi, noxolis ma’lumot berilishi holatlari o‘rganilib, misol tariqasida Falastin – Isroil ziddiyati bilan bog‘liq voqealarning yoritilishi o‘rtaga tashlandi. Ayrim OAV xodimlari masalaga bir yoqlama qarashi, faktlarni buzib ko‘rsatishi nafrat tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishi urg‘ulandi. Shuningdek, muayyan voqeani yoritishda foydalaniladigan noto‘g‘ri ma’lumotlar mexanizmi shakllangani, ba’zi OAV axloqiy va professional me’yorni buzayotgani qayd etildi.

– Mazkur forum nafaqat islom olami, balki boshqa din vakillari uchun ham manfaatli, – dedi Musulmonlar jahon ligasi Bosh kotibi maslahatchisi Ahmad Jilon. – Insonga nisbatan nafrat mafkurasini yo‘qotish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, dunyodagi barcha insonlarning huquqini himoya qilish, imkoniyatini kengaytirish uchun birgalikda harakat qilishimiz zarur.

Xalqaro anjuman yakunida axborot agentliklari o‘rtasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, bu borada tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish kerakligi delegatlar tomonidan yakdil ma’qullandi.

O‘tkir Alimov,

Muharrama Pirmatova (video),

O‘zA