Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizdagi suv resurslarining 20 foizi o‘zimizda, katta qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat ham jiddiy. Bularning ta’sirida 2030 yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinayapti.
Lekin shu holatda ham suvdan samarasiz foydalanilayapti. Mamlakatimizdagi jami suv resursining 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanayapti. Masalan, yurtimizda bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kubmetr suv sarflangani holda, iqlimi va yeri biznikiga o‘xshash mamlakatlarda bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilayapti. U ham bo‘lsa, suvni to‘g‘ri boshqarish, isrof qilmaslik hisobiga.
Suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha 1 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu soha byudjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin 4-o‘rinda turadi. Ammo tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun samara kam.
Yig‘ilishda bu sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi.
Bunda birinchi muhim vazifa – kanal va ariqlarni betonlash. Hisob-kitoblarga ko‘ra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘layapti. Eng ko‘p suv yo‘qotishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv ta’minoti juda og‘ir.
Umuman, suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilayapti.
Shu bois suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi. Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, ya’ni bu yilgiga nisbatan 4 barobar ko‘p yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025 yilda kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga o‘tiladi.
Buning uchun noyabr-mart oylari eng qulay vaqt ekani, loyihasi tayyor kanallarda qurilishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi. Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 ming 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga o‘tkazish topshirildi. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordamlashib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi aytildi.
Ikkinchi muhim vazifa – suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish.
Mamlakatimizda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer bo‘lib, shundan 30 foiziga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Bunday klaster va fermer xo‘jaliklarida suv 30-40 foizga, o‘g‘it va yoqilg‘i 25-30 foizga tejalishi bilan birga hosildorlik oshgan.
Lekin, suv yetkazish tannarxi juda qimmat bo‘lgan Qashqadaryoda bunday usulda sug‘oriladigan yerlar atigi 16 foizni tashkil etadi. Suv tejashda eng sodda agrotexnik tadbir bo‘lgan yerni lazerli tekislash ishlari ham yetarli emas. Bunday maydonlar Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 10 foizdan kam.
Buning sabablaridan biri – suv tejovchi texnologiyani joriy qilgan fermerlarga kredit foizining bir qismini qoplash tartibi ishlamayapti. Shu bois yig‘ilishda bu bo‘yicha yangicha moliyalashtirish tizimi belgilandi. Unga ko‘ra, klaster va fermerlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilga 14 foizli kredit ajratiladi. Buning uchun ochiq-oshkora platforma ishga tushiriladi. Ham bank bilan, ham ta’minotchilar bilan shartnoma elektron platforma orqali onlayn imzolanadi.
Mutasaddilarga buning moliyaviy-tashkiliy jihatlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Suv tejash joriy etilgan maydonlarni har yili kengaytirib borish, Turkiya, Ispaniya va Xitoyning bu bo‘yicha tajribasini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi.
Kelgusi uch yilda ham qishloq xo‘jaligi texnikasining 15 foizi va lazerli tekislagichning 30 foizini subsidiyalash amaliyoti davom ettiriladi. 2026 yilgacha hamma ekin yerlari lazerli tekislanadi. 2026 yildan keyin lazerli tekislanmagan yerlarga nisbatan yer va suv soliqlari keskin oshiriladi.
Uchinchi muhim vazifa – suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish.
Bugungi kunda klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har 1 kubmetr suvga o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinayapti. Lekin Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda bu 2-3 barobar qimmat.
Shu bilan birga, suv xarajatining 63 foizi nasos stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, sug‘orish uchun yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr energiyasi sarflanadi. Chunki suv nasoslarining 80 foizi eskirgan, energiya sarfi yuqori.
Davlatimiz rahbari bu xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirishning eng to‘g‘ri yo‘li – nasoslarni modernizatsiya qilish va ularni boshqarishni xususiy sheriklikka berish ekanini ta’kidladi.
Bu borada bir nechta loyiha boshlangan. Bu ishlarni jadallashtirib, xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida 95 ta nasos stansiyasini yangilash, kelgusi yil boshida yana 118 tasi bo‘yicha tender e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar 268 ta nasosni boshqaruvga olish tashabbusini bildirgan.
Umuman, ushbu choralar orqali kelgusi yili nasoslarning elektr sarfini 300 million kilovatt soatga, keyingi uch yilda esa 1,5 milliard kilovatt soatga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Suv xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga, nasoslarni modernizatsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Sohada zamonaviy boshqaruvni joriy etish, suv hisobini yuritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda suv xo‘jaligi vaziri, hokimlar va boshqa rahbarlarning axboroti eshitildi.