Keyingi yillarda jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyoj ortib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jamoat transporti xizmati sifatini oshirish, uni bugungi davr va sharoitga moslashtirishni taqozo etmoqda.

Shu bilan birgalikda takomillashtirilgan jamoat transporti tizimi nafaqat yo‘llardagi tirbandlikni oldini olishda, balki yo‘lovchilarning havfsiz va tezkor harakatlanishida hamda ekologiyaga bo‘lgan yukni kamaytirishda asosiy o‘rinni egallaydi.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha 3 ming 903 ta yo‘nalishlar mavjud bo‘lib, shundan 3 ming 94 tasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 809 ta yo‘nalish talabgor mavjud bo‘lmagani bois faoliyati to‘xtatilgan. Mavjud yo‘nalishlarning 774 tasi shahar, 2 ming 756 ta shahar atrofi, 282 ta viloyat hududi shaharlararo va 91 ta shaharlararo yo‘nalishlardan iborat. Yo‘nalishlarda 38 ming 926 ta avtotransport vositalari faoliyat ko‘rsatib, shundan 5 ming 506 tasi avtobuslarga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga 22 ta muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi. Ushbu davlatlarga qatnovchi avtobuslarda 2023 yil 9 oyi davomida o‘rtacha 337 mingta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.

Hisobot davrida respublika bo‘yicha jami 166 ta ochiq tender o‘tkazilib, ularda 1 ming 847 ta yo‘lovchi tashish bo‘yicha yo‘nalishlar joylashtirildi. Shundan 314 ta shahar ichida, 1345 ta shahar atrofi, 127 ta viloyat hududi shaharlararo va 61 ta shaharlararo-viloyatlararo yo‘nalishlardir.

2023 yilda 28 ta avtobus va 48 ta yo‘nalishli taksi, jami 76 ta yangi yo‘nalish tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishlarda 141 ta avtobus, 75 ta mikroavtobus va 304 ta “Damas” rusumli avtomobil aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Prezident qarorlari va dasturlarga muvofiq respublika bo‘yicha jami 1 ming 137 ta yangi avtobuslar (Toshkent shahrida 1000 ta, hududlarda 137 ta) hamda 305 ta mikroavtobus olib kelinib, yo‘lovchi tashish yo‘nalishlariga joylashtirildi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) “Yashil shaharlar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Samarqand shahar jamoat transporti uchun 350 ta elektr avtobuslar xarid qilish hamda ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasi doirasida 2023 yilda 100 ta elektrobuslar olib kelish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilib, unda “Yutong” kompaniyasi g‘olib bo‘lgan.

Bugungi kunda dastlabki 6 dona avtobus yetkazib berilgan bo‘lib, avtobuslar Samarqand shahrini “Boqiy shahar” majmuasi bilan bog‘lovchi yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Dasturlarga muvofiq joriy yilda 742 ta avtobus bekati hamda 23 ta avtovokzal va avtostansiyalar qurilishi va rekonstruksiyasi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar Qashqadaryo va Toshkent  viloyatlarida 2 ta avtovokzal qurilib, foydalanishga topshirildi,

Namangan viloyatida 1 ta avtostansiya rekonstruksiya qilindi.

Shu bilan birgalikda “ATTO” mobil ilovasida haydovchilar faoliyatini yo‘lovchilar tomonidan baholash imkoniyati yaratildi va mexanizm ishga tushirildi. “ATTO” mobil ilovasida Toshkent shahridagi jamoat avtobuslari harakatlanishini onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.Transport vazirligining “Info.uztrans.uz” korporativ axborot tizimi ishga tushirildi hamda “Uztrans” interaktiv axborot tizimi tarkibida respublika xaritasida avtovokzal va avtostansiyalar joylashuv nuqtasi va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qamrab oluvchi dastur ishlab chiqildi.

Shaharlararo va viloyatlararo qatnovchi avtobuslarga elektron chipta sotishga mo‘ljallangan “avtoticket.uz” platformasida, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan respublika, shuningdek xalqaro yo‘nalishlar uchun onlayn chipta sotish mexanizmi ishga tushirildi. Bundan tashqari, ushbu platforma “Paynet” platformasiga integratsiya qilindi. Natijada, “Paynet” shoxobchalarida shaharlararo va viloyatlararo qatnovchi avtobuslar uchun chipta xarid qilish imkoniyati yaratildi.

Jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun qulay tariflarni joriy etish hamda elektron to‘lovlarni ommalashtirish maqsadida bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklanmagan tariflar joriy etilmoqda.

Shuningdek, yo‘nalishlarda yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflar belgilanadi. Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi Toshkent, Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida joriy etildi. 2024 yil 1 iyun kunigacha Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ham joriy etiladi.

Shahar yo‘lovchilar transportida bepul yurish huquqiga ega ayrim toifadagi fuqarolar uchun imtiyozli transport kartalari joriy etildi. Joriy yil yanvar – oktyabr oylari davomida 5 mingdan ziyod fuqaroga imtiyozli transport kartalari tarqatildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylandi. Bundan tashqari mamlakatimiz aholisi tez sur’atlarda o‘syapti. Bu esa jamoat transportiga bo‘lgan talabni qondirish uchun ko‘proq yangi yo‘nalishlarni ishga tushirishni taqozo qilmoqda.

Shularni inobatga olgan holda mamlakatimizda jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Xususan, avtobuslar parkini yangilash, transport-infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rildi.

Avtobuslar harakatini samarali boshqarish uchun haydovchilar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, zamonaviy elektrobuslarni ishga tushirish orqali jamoat transporti faoliyatining ekologik jihatiga ham e’tibor qaratilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA