Ukrainada noqulay ob-havo 10 nafar insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Jarohatlangan 23 kishi orasida bolalar ham bor. Bu haqda ichki ishlar vaziri Igor Klimenko ijtimoiy tarmoqda ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Odessa viloyatida favqulodda vaziyatlar davlat xizmati bo‘linmalari 254 marta chaqirilgan. 2498 fuqaroga, jumladan 162 bolaga yordam ko‘rsatilgan. Nikolayev viloyatida qutqaruvchilar 66 qo‘ng‘iroqqa javob bergan, 144 mashinani suvdan tortib olishgan. Yo‘lning ayrim qismlarida transport harakati qiyinligicha qolmoqda.
IIV rahbari so‘zlariga ko‘ra, Nikolayev va Kirovograd viloyatlaridagi 8 ta magistral yo‘l to‘sib qo‘yilgan.
Ukrainaning 11 viloyatidagi 411 aholi manzili elektr energiyasidan uzilgan. Qarorgoh iqlim oqibatini bartaraf etish uchun shtat va mintaqaviy darajada ishlayapti.
Ayni payt Qrimda odamlar kuchli yomg‘ir, shamol ortidan bo‘ron ko‘tarilishidan ogohlantirilmoqda.
Hudud gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi departamenti ma’lumotida 28 noyabr oqshomida sovuq tushib, 29 noyabr kunduzi yomg‘ir yog‘ishi, markaziy, janubiy va sharqiy hududlarda juda kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi qayd qilingan.
Qrim rahbari Sergey Aksenov 10 ta munitsipalitetda favqulodda vaziyat tartibi, yana uch hududda shunday holat tahdidi joriy etilganini bildirdi.
Rossiya matbuoti yozishicha, juma kuni Krasnodar o‘lkasiga ham yomon ob-havo kirib kelgan. Ayrim hududlarda bir sutkada, deyarli, bir oylik yog‘ingarchilik miqdori kuzatilgan. Bo‘ron turib, Sochida dengiz sathi 6 ballga yetgan, to‘lqin 4 metr balandlikka ko‘tarilgan. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, Kubandagi bo‘ronda dam oluvchilardan ikki kishi halok bo‘lgan, besh kishi jarohatlangan.