Xabar berganimizdek, shu kunlarda Turkmaniston poytaxti Ashxobodda kurash bo‘yicha o‘n to‘rtinchi jahon chempionati bellashuvlari o‘tkazilmoqda.
Chempionatning birinchi kungi musobaqalarida erkaklar 90, 100, +100 kilogrammda, ayollar 48, 52, 57, 63 kilogramm og‘irliklarda g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi.
Turkamanistonlik kurash ishqibozlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘lgan shiddatli bahslarda mamlakatimiz sharafini terma jamoamiz a’zolaridan Erkin Qozoqov, Jamshid Mamatrahimov, Muhsin Hisomiddinov, Ulbulsin Hakimova, Hilola Ortiqova, Ibodat Agajonova, Muxlisa Qodirberganova himoya qildi.
Ashxobod shahridagi “Basha-Bash” sport majmuasida kechgan ilk kungi bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, yurtimiz kurashchilarining 5 nafari oltin, 2 nafari bronza medallariga ega chiqdi.
Mahoratli sportchilarimizdan Jamshid Mamatrahimov iroqlik raqibi Mujtaba al-Rubayenini, Ulbusin Hakimova va Hilola Ortiqova final bahslarida turkmanistonlik kurashchi qizlarni, Erkin Qozoqov finalning dastlabki daqiqasidayoq mezbonlar vakili Sanjar Abdurahmonovni, Muhsin Hisomiddinov eronlik Abolfazl Torabini halol bahosi evaziga yengib, oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Bugun chempionatning so‘nggi kunida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi qolgan vazn toifalarida medallar uchun kurashlar bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.