G‘azo sektorida 46 kun ichida 5300 nafar, boshqacha aytganda kuniga 115 bola halok bo‘lgan. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashi G‘azo bo‘yicha yig‘ilishida Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel ma’lum qildi.

Mulozim qayd etishicha, Isroil va XAMAS o‘rtasidagi ziddiyatda gumanitar tinishga erishishning o‘zi yetarli emas, G‘azoda qon to‘kilishini to‘xtatish uchun zudlik bilan gumanitar sulh e’lon qilish muhim.

Rassel G‘azo janubida harbiy faollik kuchayganiga e’tibor qaratib, Falastin anklavi janubiy qismiga hujum qilinishining oldini olishga chaqirdi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi inqiroz davrida halok bo‘lganlar soni juda yuqori. BMT 17 yildan beri bolalarga nisbatan huquqbuzarlikni qayd etib keladi va bu davrda o‘ldirilgan bolalar soni 1653 nafarni tashkil etgan.

– Qurbonlarining 40 foizi bolalar, – deya ta’kidladi u. – Bunday holat avval kuzatilmagan. G‘azo hozir bolalar uchun dunyodagi eng xavfli joy.

Rassel aytishicha, 1200 ga yaqin bola hamon vayronalar ostida. Hududdagi bolalar oziq-ovqat taqchilligiga duch kelishgan. 7 oktyabrdan beri Isroilda 35, G‘arbiy Sohilda 56 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan, jami 450 ming bola gumanitar yordamga muhtoj.

BMT Ayollar tashkiloti ijrochi direktori Sima Baxus, o‘z navbatida, G‘azo sektorida har soatda ikki ona, har ikki soatda yetti nafar ayol vafot etayotganini qo‘shimcha qilgan.

G.Sattorova  

O‘zA