Fransiyada ishsizlik, tahlilchilar kutganidan farqli o‘laroq, ketma-ket ikkinchi chorak ortib bormoqda. Bu haqida “Al Jazeera” telekanali saytida berilgan xabarda aytilgan.
Statistik ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda 2 milliondan ortiq kishi bekor. Ishsizlik darajasi joriy yil uchinchi choragida kutilganidan tezroq o‘sib, 7,4 foizga yetdi. Iqtisodiyot vaziri Bruno Lyo Mer fikricha, bu holat global retsessiya bilan bog‘liq.
“Ishsizlik o‘sishiga Yevropa va butun dunyoda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi sabab”, – dedi mulozim.
2023 yil ikkinchi chorakda ishsizlik darajasi 7,2 foizni tashkil etdi. Tahlilchilar uchinchi chorakda bu raqam 7,3 foizdan yuqori bo‘lmasligini kutgan edi, biroq natija 7,4 foiz (taxminan 2,3 million kishi)ga ko‘tarildi. Bu 2022 yilning ikkinchi choragidan beri eng yuqori ko‘rsatkich.
Mahalliy ekspertlar Fransiya iqtisodiyotidagi tanazzul kelgusi yil ham davom etishi va bu ommaviy norozilikka sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.